Germaniyada marixuana qonuniylashtirilishi mumkin

Germaniya tez orada marixuanani giyohvandlikka qarshi chora sifatida qonuniylashtirishi mumkin. 26 sentabrda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari oldidan ushbu moddadan foydalanishni dekriminallashtirish va hatto qonuniylashtirish haqidagi va’dalar olti partiyadan to‘rttasi dasturida bor edi. Konservatorlar ketishi va yangi, yanada liberal hukmron koalitsiya tuzilishi bilan bu va’dalar haqiqatga aylanishi hech gap emas, deydi ekspertlar.

"Hamma hayajonda, chunki bu haqiqatan ham sodir bo‘lishi mumkin", dedi Germaniya kannabis assotsiatsiyasi prezidenti Georg Vyurt Euronews telekanaliga bergan intervyusida. "Germaniya nashani to‘liq qonuniylashtirgan dunyodagi uchinchi davlatga aylanishi mumkin".

Uchta partiya o‘z saylovoldi dasturlarida nashadan foydalanish to‘g‘risidagi qonunni isloh qilishga va’da berishgan edi. Ya’ni, gap giyohvand moddalarni sotish va iste’mol qilishni tartibga solish, jinoiy ta’qibni tugatish haqida bormoqda. Ammo ushbu islohot amalga oshishi muzokaralarga bog‘liq.

Kannabis (marixuana olinadigan o‘simlik) Germaniyada eng mashhur noqonuniy giyohvand modda bo‘lib, uni to‘rt million nemis muntazam ravishda iste’mol qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilda 15-24 yoshdagi yoshlarning 19,5 foizi kamida bir marta marixuana iste’mol qilgan. Yevropada bu ko‘rsatkich 27 foizdan ortiq.

2017 yildan beri mamlakatda hatto sug‘urta bilan qoplagan holda nashadan tibbiy foydalanishga ruxsat berildi. Garchi giyohvand iste’mol qilish yoki saqlash noqonuniy hisoblansa-da, huquq-tartibot idoralari ko‘pincha olti grammdan kamroq giyohvand modda topsa ko‘z yumadi. Qonunni buzish jarima yoki kamdan-kam hollarda besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Germaniya Federal Jinoiy Politsiya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, nasha 2020 yilda qayd etilgan giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarning 77 foizini tashkil qilgan. Aniqlangan jinoyatchilarning aksariyati sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchilar emas, balki marixuana iste’mol qiluvchilardir. Aynan mana shu statistik ma’lumotlar va ularning talqini Germaniyada jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.