Gitlerni dahshatga solgan bashoratchi

Mashhur bashoratchi Volf Messing haqida turli afsonalar to‘qilgan va bu bejiz emas. Aqlbovar qilmas iste’dod egasi bashoratlari o‘zining rost chiqishi bilan hamon insoniyatni hayratga solib keladi.

Volf Messing 1937 yilda Varshava teatrida bo‘layotgan tomosha paytida Gitler agar Sharqqa yurish qiladigan bo‘lsa, muqarrar halokatini bashorat qiladi. Buni eshitgan Adolf Gitler bashoratchining boshini keltirganga 200 ming marka mukofot e’lon qiladi. Messing jonini saqlab qolish uchun mamlakatdan qochishga majbur bo‘ladi va yangi vatan sifati SSSRni tanlaydi.

Chegaralar hushyor qo‘riqlanayotgan, undan o‘tishga har qanday urinishlar uchun o‘lim jazosi tayin edi. Hamma tomonda josuslar izg‘ib yurganiga qaramay chegaradan o‘tishga jur’at qilgan Messing SSSRda olqish bilan kutib olinadi va uning hayoti yorqin sahifalarga boy bo‘ladi.

Unga urush yillari janggohlarda, front ortida, mehnat kollektivlari, keng jamoatchilik o‘rtasida iste’dodini namoyish qilishga keng imkoniyat yaratib beriladi. Shunisi diqqatga sazovorki, buyuk bashoratchi puliga ikkita qiruvchi samolyot ishlab chiqariladi. Volf Messing ulardan birini gazetada o‘qib qolgani - katta leytenant Konstantin Kovalyovga sovg‘a qildi. “Y.K-7” qiruvchi samolyot biqinida “Sovet ittifoqi Qahramoni K.F.Kovalyovga Volf Messingdan sovg‘a” degan yozuv bor edi.

Urushdan keyin Messing Kovalyov bilan do‘stona munosabatga kirishib, bir-birini tez-tez yo‘qlab turishgani haqida tarixiy kitoblar, gazetalarda maqolalar uchraydi.

T.Shomurodov tayyorladi.