Gitlerni vasvasa xarob qilgandi
Gitlerning o‘z joniga qasd qilganining 75 yilligiga taniqli nemis tarixchisi Folker Ulrixning shov-shuvli «Gitler: qo‘llash 1939-1945» kitobi paydo bo‘ldi. Unda Yevropa va Rossiya boshiga yog‘ilgan fojianing yangi tomonlari ochib berilgan, deb yozadi «Mir novostey» (2020 yil, 12-son) haftanomasi.
Ulrix davlat boshiga qanday qilib chiqib olgan fanat-manyak butun Yevropa olamini vos-vos holatiga tushirganini ko‘rsatadi. Tarixchi ruhiy xasta, g‘alati kimsaga nemislar qanday ishonib davlatni topshirganiga ajablanadi. Bundan tashqari, Gitler chalasavod va kaltafahm vasvasachi edi. Sovet ittifoqiga bostirib kirishi Gitlerning o‘limga mahkum xatosi edi, deb yozadi Ulrix. Tarixchining taxminicha, xom xayolga berilgan Gitlerni 1940 yilda Dyunkerkeda dengizga qo‘shin tashlab fransuz va britaniyaliklarni osongina tor-mor qilgani ko‘zini ko‘r qilib, o‘zining sarkardalik «dahosi»ga haddan tashqari ishontirib yuborgandi. Birinchi jahon urushida Germaniyani mag‘lub etgan Britaniya armiyasini Gitler Yevropada eng kuchlilardan biri deb hisoblardi.
Nemis qo‘shinlari La-Mansh qirg‘oqlarida to‘xtaganida Fyurer Buyuk Britaniyaga bostirib kirishdan voz kechadi. U britaniyaliklar zarbasiga duch kelishdan xavfsirardi. Agar britaniyaliklar sal qat’iyat ko‘rsatib, qurollarini tashlamay qarshilik ko‘rsatishganda Gitler Sovet ittifoqiga hujum qilishga jur’at etolmagan bo‘lardi. O‘sha g‘alaba, yana Fransiyaning kapitulyasiyasi natsistlar Germaniyasining tarixida burilish nuqtasi bo‘ldi. Gitler Sharqda buni yanada yengil g‘alabalar kutayotganiga ishonardi. Real tarix bilan yaxshi tanish bo‘lmagan Fyurer Sovet ittifoqi yarim yovvoyi slavyan qabilalardan iborat bo‘lib, qarshilik ko‘rsatishga ojiz deb o‘ylardi. Hozirgina bir necha kun ichida Yevropadagi bosh raqibi «yovvoyi slovyanlar»ni yakson qilgan uning armiyasi bir hamla bilan Moskvaga ham kiradi va bolsheviklarning beshigi Leningradni egallaydi deb xom xayol qilardi. Uning generallaridan birortasi yurak yutib, uning ko‘rsatmalariga qarshi fikr bildira olmadi.
1941 yil 22 iyun tunda Germaniya bronetank qo‘shinlari SSSRga shiddat bilan bostirib kirdi. Marshal Georgiy Jukov o‘z xotiralarida ayrim sovet harbiy boshliqlari SSSRga hujum to‘g‘risida razvedka xabarlarini haqiqatdan yiroq, deya Stalinni chalg‘itishganini keltiradi. 14 iyunda Stalin Mudofaa xalq komissarligining armiyani to‘liq jangovar holatga keltirish taklifini rad etib, Jukov va Timoshenkoga «razvedkaning hamma xabariga ham ishonavermaslik kerak», deydi. U faqat 22 iyun kechasi butun armiyani jangovar holatga keltirishga farmoyish beradi. Afsuski, hujumni qaytarish, qarshi zarba berishga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt qolmagan edi.
Nemis tanklari to‘xtovsiz to‘rt kun ichida 300 kilometr ichkariga bostirib kirgandagina Stalin Germaniyaning hujum qilmaslik to‘g‘risidagi shartnomani buzganiga ishonch hosil qildi va mamlakatni urush holatiga keltirdi. Gitlerchi strategik Erix Minshteynning xotiralariga ko‘ra, reyxning elita tank korpuslari katta yo‘qotishga duch kelgan.
So‘ngra nemis tarixchisi fashistlarni minglab sovet harbiy asirlariga shafqatsiz munosabatda bo‘layotganini ko‘rgan Qizil yarmiya dushmanni orqaga uloqtirib tashlash uchun hayot-mamot jangiga kirganini yozadi.
Ulrix Ikkinchi jahon urushida Stalingradning besh oylik qahramonona mudofaasi Gitler armiyasining tor-mor qilinishida tarixiy burilish nuqta bo‘ldi, deb ataydi. Tarixchi qonga botgan Volga bo‘yida sovet askarlari yengilmas deyilgan fashistlarga qarshi qanday jasorat bilan jang qilishganini tasvirlaydi.
Gitler 1942 yildayoq o‘zining g‘alabasiga shubha bilan qaray boshlaydi, deb ta’kidlaydi muallif. Ammo kaltafahmligi tufayli biror muzokaraga borishni istamaydi.
Urushdagi mag‘lubiyatdan so‘ng nemis millati Fyurer tomonidan amalga oshirilgan qirg‘inbarot haqida o‘zini hech narsa bilmaslikka oldi. Vaholanki, ulkan industriya, unda band bo‘lgan minglab odamlar – armiya, politsiya, xizmatchilar, temiryo‘lchilar, krematoriy qurgan va unga zaharli gaz yetkazib bergan firmalar – insoniyatni qonga botirishga safarbar etilgandi. Ulrix jinoyatda Gitlerga xizmat qilishga qasamyod qilgan barcha nemislarni ayblaydi.
T.MUROD tarjimasi.