“Guardian”da Samarqand va yurtimizdagi boshqa qadimiy shaharlar haqda yirik maqola chop etildi

Britaniyaning ommabop "The Guardian" gazetasida jurnalist Mishal Husaynning O‘zbekistonga qilgan sayohatiga bag‘ishlangan maqolasi chop etildi.

Britaniyalik jurnalist ushbu maqolasida onasi bilan birga tarixiy ildizlari tutashgan O‘zbekiston bo‘ylab qilgan sayohati tafsilotlarini qalamga olgan.

"Sayohat men uchun Markaziy Osiyo bilan shaxsiy aloqadorlik hissi bilan boshlandi. Negaki, Samarqand va Buxoro shaharlari islom tarixi va madaniyatida muhim o‘rin tutadi. Bundan tashqari, ona tomondan ajdodlarimiz XIV asrda hozirgi O‘zbekiston hududida yashab o‘tgan. Bobokalonimiz Amir Kulol XIV asrda buyuk sarkarda va yirik imperiya bunyodkori Amir Temur davrida yashagan", – deb yozgan u.

Sayohat Xivadan, aniqrog‘i Ichan qal’a majmuasini tomosha qilishdan boshlanib, o‘sha mashhur Samarqandning Registon maydoniga qadar davom etdi, deya qayd etgan muallif.

"Samarqandda uch tomoni muhtasham masjid va madrasalar bilan o‘ralgan maydonni ko‘rdik. Gidimiz bizni Shohi Zinda majmuasiga va Go‘ri Amir maqbarasiga olib bordi. Samarqandning yana bir diqqatga sazovor joyi Amir Temurning suyukli rafiqasi tomonidan qurilgan Bibixonim masjidida ham bo‘ldik. 1992 yilda oxirgi marta bu yerda kelganimdan beri O‘zbekistonda qanchalar katta bunyodkorlik ishlari olib borilganiga amin bo‘ldim. Biroq, O‘zbekistonning tarixiy shaharlari bugungi kunda ham XIV asr oxiri nafasi va ruhiyatini saqlab qolgan", – deya ta’kidlagan britaniyalik sayyoh jurnalist.

Muallifning qayd etishicha, O‘zbekiston ommaviy turizmdan zarar ko‘rmagan va Yevropaning boshqa davlatlariga nisbatan Buyuk Britaniyadan tashrif buyuruvchilar tomonidan juda kam o‘rganilgan.

Nashrda Chorsu bozori haqidagi ma’lumotlar ham o‘quvchilar e’tiboriga taqdim etilgan va o‘zbek milliy taomlarining unutilmas ta’mi yuksaklarga ko‘tarilgan. Jurnalist gastronomik qator bo‘ylab sayr va o‘zbek kabobining mazasini alohida maqtagan.

"1992 yilda Samarqand va Buxoroga qilgan sayohatim davomida ushbu shaharlar bo‘ylab avtobusda yurgan bo‘lsam, bu safar tezyurar poyezdda masofani ikki soatda bosib o‘tdim. "Buxoroda yashab o‘tgan va islom olamida katta mavqega ega Yetti pir maqbaralarini ziyorat qildik. Yetti pir — ulug‘ avliyolar orasida Sayid Amir Kulol hazratlarining ziyoratgohlari va nomini ko‘rib hayratda qoldim", – deya qayd etgan Mishal Husayn.

Qayd etilishicha, mehmonlar Buxoroda bo‘lish davomida tarixiy ajdodlari Amir Kulol maqbarasini ziyorat qilgan. Ushbu joy mintaqada yashagan yetti nafar buyuk so‘fiy olimlardan biri — Amir Kulol merosi va xotirasini tiklash bo‘yicha 25 yillik sa’y-harakatlar natijasida vujudga kelgan, deyiladi maqolada.

"Ular X-XVI asrlarda yashab o‘tgan Buxoroning ulug‘ donishmandlari. Ular qoldirgan asarlar zamonlar osha odamlarni, yoshlarni tarbiyalab, ularga dinu diyonat, odob-axloq, ezgu so‘z va amaldan saboq berib kelmoqda, – deb yozgan britaniyalik jurnalist. – Bundan o‘ttiz yillar avval Amir Kulol maqbaralari bugungidek muhtasham ko‘rinishda bo‘lmagan. Ammo hozir Buxoroning sharqiy qismida joylashgan ushbu ziyoratgoh hududida ko‘k gumbazli masjid va bog‘ barpo etilgan. Ilgari bu joylar oddiy qabriston bo‘lgan. O‘zbekiston o‘z merosini qayta ko‘rib chiqa boshlagach, Amir Kulolning maqbarasi ham Yetti pir ziyoratgohi xaritasiga kiritildi".

Muallif o‘zi va onasi uchun O‘zbekiston shaharlari tarixi haqidagi ma’lumotlarni yetkazib bergan gidlardan minnatdor ekanini ham yozgan. Uning ta’kidiga ko‘ra, ajdodlari yashagan ota yurt bo‘ylab qilingan sayohat bir haftalik unutilmas sarguzashtga aylandi va kutilganidan ham ko‘proq taassurot qoldirdi.

"Hech bo‘lmaganda, onam endi bizning tomirlarimizda muqaddas qon oqayotganini da’vo qilishga haqli", – deb yozgan Mishal Husayn o‘z maqolasi intihosida.

Britaniyalik jurnalist Mishal Husayn "BBC" televideniyesi va radiosining taniqli boshlovchisi hisoblanadi. U "BBC Radio 4"da "Today" dasturini olib borgan birinchi musulmon ayol jurnalistdir. Ijodkor 2014 yil yanvar oyida "British Muslim Awards" mukofotining "OAV oldidagi xizmatlari uchun" nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan. 2015 yilda esa London press-klubining "Yil ovozi" mukofotini qo‘lga kiritgan. Mishal Husayn, shuningdek, "Mosaic" xayriya jamg‘armasi elchisi sifatida kam ta’minlangan yoshlarga o‘z iste’dodi va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashadi. Bundan tashqari, u "Skills" kitobining muallifidir, deya xabar bermoqda "Dunyo" AA.