Gul ko‘targan ayol
(hikoya)
U o‘ttiz besh-o‘ttiz olti yoshlardagi go‘zal ayol. Kelishgan, bo‘liq. Lablari qalin, qoshlari ingichka terilgan, ko‘zlari kulib turadi. So‘zlari muloyim, samimiy. Soch turmagi, bilinar-bilinmas qilingan pardozi, liboslari o‘ziga yarashib, go‘zallik va jozibada bir-birini to‘ldiradi - ko‘zga yaqin, dilbar. Bir qarashda boyvuchcha xonimlardek taassurot qoldiradi. Hayoti to‘kisdek. Oppoq mashina minib yuradi. Ishga mashinasida qatnaydi.
Bankdagi hamkasb erkaklar unga zimdan suqlanib-suqlanib boqishadi, ammo ish yuzasidan tashqari, yurak yutib gapira olishmaydi. Yaqinda ishga kelgan, ikki oydan beri bir xonada o‘tirayotgan Ravshan oxiri tish yorib:
- Laziza opa, pochchaga havasim keladi-da, - dedi.
- Nega? - sinovchan qaradi u.
- Sizday go‘zal ayolga uylangan…
Laziza birdan jim bo‘lib qoldi. Hali uylanmagan yigitning lutfi maqsadini anglab-anglamay xayolga cho‘mib, beixtiyor oldidagi qog‘ozlarni yig‘ishtira boshladi. Yigit esa haddimdan oshdim, xafa qilib qo‘ydim, deb o‘yladi va birdan oldini oldi.
- Kechirasiz, opa. Noto‘g‘ri tushunmang. Sizday qizga uylanishni orzu qilaman… U ham doim sizday go‘zal bo‘lib yurishini xayol qilaman. Shunga… orzularimni aytdim-da, kechirasiz…
- Orzuga ayb yo‘q. Ammo… - Laziza yana jim bo‘lib qoldi. - Mayli, men kredit bo‘limiga borib kelay…
U bo‘limda ancha qolib ketdi. Kelsa, Ravshan chiqib ketgan ekan. Qo‘ng‘iroq qildi.
- Ravshanjon, buncha erta chiqib ketibsiz?
- Opa, sizni kutdim, kelavermaganingizga ertaroq chiqqandim. Ertaga hayit-ku. Qishloqqa borishim kerak. Ota-onamning qabrini ziyorat qilishga.
- Ha… Mayli, yaxshi borib keling.
Laziza go‘shakni qo‘ydi-yu, chuqur xo‘rsindi…
U atrofga shom pardasi yoyila boshlagan bir paytda ishdan chiqib, avval gul bozoriga kirdi va kichik guldasta xarid qildi. So‘ngra bozorga tushib, ota-onasiga hayitlik oldi. Uyga bordi. O‘g‘li bilan qizi kiyinib, tayyor turishgan ekan, ularni mashinaga mindirib, qishloqqa yo‘l oldi.
Qizi beshinchi, o‘g‘li uchinchi sinfda o‘qiydi. Laziza ularni ertalab maktabga kuzatib, keyin ishga ketadi. Tushda avval o‘g‘li, keyin qizi o‘qishdan keladi va onasi ertalab tayyorlab qo‘ygan ovqatni isitib yeyishadi. So‘ng kechgacha - to Laziza ishdan kelgunicha o‘zlari ovunib o‘tirishadi - dars qilishadi, televizor ko‘rishadi, bino oldiga chiqib, qo‘shni bolalar bilan o‘ynashadi.
«Allohim, bolalarim o‘zingga omonat», - deydi Laziza har kuni ularni maktabga kuzatib qo‘yganda. Uy bilan maktab orasi uzoq emas, bir kilometr ham chiqmaydi, ammo o‘rtada ikkita katta ko‘cha bor. Ikki yosh bola, shahar, serqatnov ko‘chalar, uyda yolg‘izlik… gaz, elektr, suv… Baxtiga qizi chaqqon, sergak. Ro‘zg‘orni ham, ukasini ham eplaydi. Laziza ertalab ovqat qilishga ulgurmagan kunlarda ukasiga tuxum qovurib beradi yoki maktab oshxonasida ovqatlanishadi. Uyda nimadir yetishmasa, do‘konga yoki mahallaga yaqin bozorchaga ham chiqib kelaveradi. Bunday paytlarda Laziza uni - qosh-ko‘zlari o‘ziga xuddi quyib qo‘ygandek o‘xshaydigan qizini alqab, erkalab qo‘yadi.
- Qizim, dadang bo‘lganida bu ishlaringni ko‘rib, qanchalar xursand bo‘lardi-ya… Mening shunday aqlli qizim bor, deb hammaga maqtardi. Kundaligingni ko‘rib, qancha quvonardi.
Qizcha onasining armon va mehr qorishiq so‘zlaridan erib ketadi-da, sekin onasiga suyanib oladi.
- Jonim mening… - Laziza qizining sochlarini silaydi, peshanasidan o‘pib qo‘yadi. - Shukrki, baxtimga ikkovlaring bor ekansizlar… - Sal narida darsini qilib o‘tirgan o‘g‘liga qaraydi. - Ikkovlaring mening ikki qanotim!
O‘g‘li onasiga bir qarab qo‘yadi-da, yana darsga sho‘ng‘iydi. Laziza bozorga yoki biror joyga borgudek bo‘lsa, o‘g‘li bilan ketadi. Ham ega, ham dastyor. O‘rganadi, deydi. Ammo o‘g‘li yosh - erkalik qilgisi keladi. Hozir ham uy vazifalarini qilib bo‘lgach, sirg‘alib onasining yoniga kelib oldi.
- Aya, kecha Sardorning dadasi velosiped olib beribdi. Bugun maktabda hammaga maqtandi. Mengayam olib bering...
Bunday paytlarda ayolning ich-ichidan, yuragining tub-tubidan nimalardir yaproqdek chirt-chirt uzilgandek bo‘ladi, to‘lib ketadi, bo‘g‘ziga tiqilgan g‘ussa qaroqlarini ezadi, ammo u tishini tishiga bosadi.
- Albatta, olib beraman, o‘g‘lim. Ammo yigitlar olgan narsalari bilan maqtanmaydida. Ular kuchi, bilimi bilan faxrlanishlari kerak. - U jigarbandini bag‘riga bosadi. - Sen kimning polvoni?
- Sizning…
- Jonim mening… Tezroq katta bo‘lsang, senga mashinamni beraman. Hamma joyga minib borasan. Xohlasang, maktabgayam minib bor. Senga hammaning havasi keladi. Uu, mashinasi bor ekan, deydi.
- Mashinangni kim olib berdi, desa nima deyman, aya!
- Dadam bergan, deysan…
- Mening dadam yo‘q-ku, aya?
- Bor! Ana, surati turibdi-ku! Senga o‘xshagan chiroyli yigit. Soldat! Aytasan-da, dadam ayamga mashina sovg‘a qilgan. Ayam endi uni menga berdi, deysan.
- Ha… - bola miyig‘ida jilmayadi. - Lekin aya, men mashinani haydolmayman-ku, oyog‘im yetmaydida.
- Ungacha katta bo‘lasanda, o‘g‘lim!
- Bu-undaymi? - bola joyidan turib ketadi va qulochini keng yozib ko‘rsatadi.
- Ha, shunday… - ona siniqqina jilmayadi. - Qani, qani, mening o‘g‘lim bobosiga o‘xshab bir rais bo‘p yursin qani?
Bolakay qo‘lini orqaga qilib, qornini oldinga chiqarib, keng-keng qadam tashlab uy ichida yura boshlaydi.
- Yurishlaringga o‘layda… - Onaning ko‘zlariga yosh keladi. - Bolam, agar dadang bo‘lganida, sening bunday rais buvalarga o‘xshab, gerdayib yurishlaringdan shunchalar xursand bo‘lardi…
- Aya, men lekin dadamga o‘xshagan askar bo‘lmayman.
- Nega? - onani tok urganday bo‘ladi.
- Meniyam urushda portlatib yuborishsa-chi?
- Bolam… - Ona chidab turolmadi, o‘g‘lini bag‘riga bosib, yig‘lab yubordi. - Unday dema, bolam. Hech unday dema. Askarlik sharaf! Vatan himoyasi sharaf-ku, bolam. Dadang quroldoshlari bilan birga vatanimizni terrorchilardan himoya qilaman deb jang qilgan-ku!
- Bilama-an… Lekin meniga bir nima bo‘lsa, sizga kim qaraydi?
Onaning a’zoi badani titrab, tili aylanmay qoldi.
- Tavba degin, bolam. Yurtimiz tinch, hech qachon urush bo‘lmasin.
- Shuning uchun men bobomga o‘xshab, rais bo‘lmoqchiman. Keyin hamma mening aytganimni qiladi. Sizniyam birov xafa qilolmaydi.
- Oh, bolam-a… - Laziza o‘g‘lining peshanasidan o‘pdi. Patila sochlarini siladi. - Men dadangday mard, jasur harbiy bo‘lishingni orzu qilaman. Mayli, bolam, kim bo‘lsang ham boshing omon bo‘lsin. Juda dadangga o‘xshaysan, ilohim umring o‘xshamasin…
Kechagina uyda bo‘lgan bu gaplarni eslab, yo‘lda xayolga berilgan Laziza go‘yo turmush o‘rtog‘i qarshisida paydo bo‘lgandek ilkis tormoz bosib yubordi. Mashina g‘ildiraklari chiyillab ketdi.
- Ha, aya?.. - qizi qo‘rqib ketdi. O‘g‘li esa qiyqirib yubordi.
- Aya, yana shunday tormoz bering. Zo‘r chiyilladida-a!
- Senga shunaqa jinniliklar bo‘lsa-a, o‘g‘lim… - Laziza sir boy bermadi. Ehtiyotkorlik bilan yo‘l tanobini tortib ketaverdi.
…Ertalab o‘g‘li bilan qizini yetaklab, guldasta ko‘tarib, qaynotasi, qaynonasi bilan birga qabristonga bordi. Laziza yetti yildan beri bu yerga - mangu sukunat maskaniga gul ko‘tarib keladi: turmush o‘rtog‘ining tug‘ilgan kunida, dunyodan ko‘z yumgan kunida, xotira kunida va ikki hayitda… Har gal bolalarini ham olib keladi. Ko‘rsin, bilsin, ko‘niksin, anglasin va Vatan uchun jon fido qilgan otasi borligini his etsin.
U qabr boshida uzoq qolib ketdi. Doim shunday. Qaynota-qaynonasi ham bunga ko‘nikkan. «Mayli, bir yengil tortsin…» deb indashmaydi va nevaralarini olib, tashqarida kutib turishadi. Bugun ham shunday bo‘ldi.
Laziza marhumning haqqiga tilovat qilib, ko‘nglida neki bor, Yaratgandan so‘rab, ich-ichidan yig‘lab o‘tirganida kimdir «Laziza opa» dedi. O‘girilib qarasa, hamkasbi, hamxonasi Ravshan. Ko‘zlar to‘qnashdi. Ravshan hayron, Lazizaning esa dunyosi zimiston…
- Opa, sizning qayerlik ekanligingizni so‘rashga hech haddim sig‘magandi. Shaharlik bo‘lsa kerak deb o‘ylardim, shu tumandan ekansiz-da?
Laziza bosh irg‘ab qo‘ydi va ro‘moli uchi bilan yonoqlaridagi yoshni artdi.
- Kechirasiz, opa, xo‘jayiningiz dunyodan o‘tganmi?
Laziza «Nima ishing bor?» degandek yalt etib qaradi, ammo Ravshan kutmagan so‘zni aytdi.
- Yo‘q, u tirik!
Laziza shunday dedi-da, o‘rnidan turib, uni kutayotgan qaynota-qaynonasi va farzandlari tomon dadil yurib ketdi. Ravshan esa yigirma to‘qqiz yilgina yashagan askar yigit qabrtoshiga o‘ychan tikilib qoldi…
O‘sha kuni bolalari bilan qaynota uyida qolgani uchun Laziza ertasiga ishga kechikdi. Borsa, Ravshan ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza tashlab ketibdi… Harbiy bo‘lmoqchi ekan, xizmatga ketarmish...
Xoliyor Safarov.