Halokatli ko‘l. Unga tushgan jonzot toshga aylanadi
Britaniyalik fotograf Nik Brandt tomonidan 2011 yilda olingan dahshatli suratlar butun dunyo bo‘ylab tarqaldi.
Har yili Natron ko‘li Sharqiy Afrikaning yuzlab aholisi uchun qabristonga aylanadi. O‘lim hayvonlarni to‘satdan o‘z domiga tortadi va ularning qoldiqlari beixtiyor yunon afsonalaridagi qahramonlarga o‘xshab, tosh qotadi.
Qiziq, Tanzaniya ko‘lining qanotli mehmonlarini nima halok qiladi va suvga sho‘ng‘igan odam ham toshga aylanib qolishi mumkinmi?
O‘lim vodiysi
Tanzaniya shimolidagi juda sho‘r ishqorli Natron ko‘lining chuqurligi atigi 3 metrni tashkil qiladi. Yozda havo harorati 50 darajaga ko‘tarilgach, suv havzasi sayoz bo‘lib qoladi va uning qurigan qirg‘oqlari sayyohlarga yuzlab baxtsiz qushlar fojiasini ochib beradi.
Hayvonlar yupqa mineral plyonka bilan qoplangan. Fotosuratlarda ularning qiyofalari shunchalik tabiiyki, go‘yo bir lahzadan so‘ng ular joyidan qo‘zg‘aladigandek. Mavjudotlar dahshatli tasodif tufayli kutilmaganda halok bo‘lganligi yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Suv ombori haqiqatan ham yomonotlig‘i bilan dovrug‘ qozongan. Suvining pH darajasi dezinfeksiyalash va tozalash uchun ishlatiladigan ammiak yoki natriy gidroksidning konsyentrlangan eritmalari bilan taqqoslanadigan yuqori ishqoriy muhit ko‘rsatkichlari bo‘yicha 11 ballga teng.
Bunday tajovuzkor muhit “Ol Doyne Lengai”vulqonining faoliyati oqibatida shakllangan. Asrlar davomida ko‘ldagi vulqondan oqib keladigan aralashma tom ma’noda ko‘l tubida kichik qoziqlarda yotadi. Hatto eng ekstremal sport ishqibozlariga ham bu yerda suzishga ruxsat berilmaydi.
Sianobakteriyalar faoliyati natijasida suv qizil rangga bo‘yalgan. Bakteriyalarning ko‘payishi va ko‘lning rangi uning sho‘rligiga bog‘liq. Yomg‘irli mavsumda suv yana odatiy ko‘k rangga ega bo‘yaladi.
Natronga tushgan jonzot toshga aylanadi, degan gap rostmi?
Asosan ko‘chmanchi qushlar ko‘l qurboniga aylanadi, deb taxmin qilinadi. Qushlar yer yuzasiga juda yaqin kelib, bor kuchi bilan suvga qulaydi. Qaytib uchib ketishning iloji bo‘lmaydi. Hayvon cho‘kib ketadi va kalsiylashib, mumiyaga aylanadi.
Aytish kerakki, Natron butunlay jonsiz ham emas. Dunyodagi pushti flamingolarning 75 foizi uning qirg‘oqlarida tug‘ilar ekan. Uya qo‘yish joyi tasodifan tanlanmagan. Hududda qushlarni bezovta qiladigan yirtqichlar yo‘q. Suvning o‘zida, tasavvur qiling-a, ishqoriy muhitga bardosh bera oladigan tilapiya turidagi baliqlarning ikkituri suzadi.
Bugun ko‘l og‘ir kunlarni boshdan kechirmoqda. Tanzaniya hukumati Natron daryosini to‘ydiradigan daryoda gidroelektr to‘g‘on qurishni rejalashtirmoqda. Agar shunday bo‘lsa, suv ombori qurib, butun ekotizimning nobud bo‘lishiga tahdid soladi.
Ekologlar bong urar ekan, mahalliy afrikaliklar allaqachon bu yerda zavod qurishga va quritilishi rejalashtirilgan ko‘l tubidan tuz qazib olishga hozirlik ko‘rmoqda. Kelajakda bu hayratlanarli joy butunlay yo‘qolib ketishi mumkin.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.