Ham o‘qib, ham ishlayotgan talabalar: Ular qayerlarda ishlayapti? Talaba mehnatiga talab bormi? Sharoitlar qanday?
Esimda, 3-kursda o‘qib yurgan paytim ishlashga qaror qildim. Sababi, oilada uch farzand – akam, singlim va men talaba edik. Hammamiz byudjetda o‘qisak-da, o‘sha paytda uch talabani o‘qitish oson emasdi. Hozir ham oson emas, ayniqsa, talaba to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan bo‘lsa.
Xullas, dugonam bilan rosa ish izladik, ammo topolmadik. Kursimizda bir dugonam o‘ziga munosib ish topib, darsdan keyin ishlay boshladi. Hammamiz unga havas qilardik. Sababi, u ham stipendiya, ham maosh olardi, uyidan deyarli pul olmasdi. Bizning davrimizda ishlaydigan talabalar juda kam edi. Har zamon kursdosh yigitlarimiz shanba, yakshanba kunlari mardikor bozoriga chiqib, mehnat qilishini eshitib qolardik. Biroq qizlar uchun hech qayerda ish yo‘q edi.
Xorijda talabalar ishlaydi
Rossiyada har bir shaharning o‘z reklama gazetasi bor. Unda kunduzgi, kechki, soatli, oylik, mavsumiy, doimiy bo‘sh ish o‘rinlari reklamasi beriladi. Hatto “Talabalar uchun ish” deb yozilgan alohida rukn bo‘lib, unda soatbay, tushdan keyin yoki kechqurungi ishlar haqidagi ma’lumotlar joylashtiriladi. Talabalar uchun ajratilgan ishlarning maoshi uncha ko‘p bo‘lmasa-da, talabaning yashashiga yetarli miqdorda belgilangan. Ishlaydigan talaba oilasidan yordam so‘ramasdan o‘qiy oladi.
Bundan tashqari, internetda ham talabalar uchun bo‘sh ish o‘rinlari reklamalari joylangan. Xullas, ular ishlash uchun hech qayerga sarson bo‘lmaydi. Reklamadagi raqamga telefon qilib, ishlash istagini bildiradi. Ishning soati, maoshi, ishchiga qo‘yiladigan talablar reklamada yozib qo‘yilgan.
Boshqa xorijiy mamlakatlarda ham talabalar o‘qish bilan birga ishlashadi. Hatto, Yaponiya, Janubiy Koreya singari rivojlangan davlatlarda boy odamlarning farzandi o‘zi ishlab, o‘qishiga pul topadi. Ularda aksariyat ota-onalar farzandi voyaga yetgach, “O‘z aravangni o‘zing tort”, deydi. Bizdagidek, avval oliy ta’limda o‘qitib, keyin ishga joylashtirish tashvishini qilmaydi. Xorijlik yoshlar o‘qishni bitirgach, mustaqil ish topib, o‘z sohasida mehnat qilib ketaveradi.
Nega bizda ish o‘rinlari reklamasi yo‘q?
Bizda bo‘sh ish o‘rinlari reklamasi mavjud doimiy nashr bormi? Rosti, bunday gazeta yoki jurnal borligidan xabarim yo‘q. Ish bo‘lmagandan keyin nashr nima qiladi? Hatto internetdagi ish.mehnat.uz saytidan Samarqand shahridan turizm, mehmonxona, restoran yo‘nalishi bo‘yicha ish qidirib ko‘rdik. Afsuski, biz izlagan yo‘nalishda oshpaz, ofitsiant, menejer kasblari bo‘yicha birorta ham ish yo‘q ekan. Sayyohlar uchun turizm shahriga aylanayotgan Samarqandda nahotki ushbu kasblar bo‘yicha ish bo‘lmasa?
Aslida ish bor, ammo bizda hamon reklama asosida ishga qabul qilish yo‘lga qo‘yilmagan. Rossiyada internetga kirib, “Ish kerak” yoki “Ish izlayapman” deb yozsangiz bo‘ldi. Siz turgan shaharda qancha ish bo‘lsa, chiqib kelaveradi. Hatto boshqa shaharlardagi ish o‘rinlari bilan ham tanishishingiz mumkin. Bizda-chi? “Ish kerak” deb internetdan izlab ko‘rgandim, Toshkent shahridan bir-ikkita ish chiqdi, xolos. Talabalar uchun esa umuman ish yo‘q.
Prezidentimiz nega talabalar uchun ish o‘rni yaratamiz, dedi?
Hozirgi kunda O‘zbekistonda 510 ming nafar talaba kunduzgi shaklda o‘qimoqda (jami talabalar soni 820 ming nafar). O‘tkazilgan so‘rovnomalarda ularning 100 mingga yaqini ishlash va qo‘shimcha daromad topish niyatini bildirgan. Yashirib nima qildik, to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydigan talabalarning hammasi ham shaharda o‘qib, yashab, kontrakt puli to‘lashga qurbi yetmaydi.
Joriy yilning 4 mart kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida talabalarni ishga joylashtirish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi. Shuningdek, barcha davlat tashkilotlari va muassasalarida talabalar ishlashiga ruxsat berildi.
“Qaysi hokim yoki rektor bo‘sh ish o‘rinlarini tahlil qilib, talabalarni joylashtirish bo‘yicha ishlagan? Hozircha bu savolga ijobiy javob yo‘q. Hokim va rektorlar, bir narsani bilinglar - ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam berib, ularning bandligini ta’minlash shart”, dedi Prezident.
Yig‘ilishda OTMlardagi bo‘sh xona va inshootlarni talabalarga bepul ajratish orqali ularda pullik kurslar, to‘garaklar va boshqa xizmatlar hamda ishlab chiqarish tashkil etish kerakligi ta’kidlandi. Har bir rektorga oliy ta’lim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda bandlik markazlarini tashkil etish topshirildi.
Talabalar qanday ishlarda ishlamoqda?
- 1-kursda o‘qiyman. Yaqinda “Zakovat” o‘quv markaziga ishga kirdim, - deydi Samarqand davlat chet tillar instituti xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili) fakulteti talabasi Anora Qosimova. – O‘zim o‘qishga kirgunimcha shu yerda o‘qigandim, endi esa 10-11-sinf o‘quvchilariga ingliz tilidan dars beryapman. Haftada uch kun, darsdan keyin ishlayman. O‘quv markazida ishlash o‘zimning bilimimni ham mustahkamlash imkonini beryapti.
- Men to‘lov-kontrakt asosida 3-kursda o‘qiyman, - dedi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali raqamli iqtisodiyot yo‘nalishi talabasi Mehroj Sobirov. – Darsdan keyin ushbu oliy ta’lim dargohida kontent menejer mutaxassisligi bo‘yicha 0,5 shtatda ishlayman. Stipendiyasiz o‘qiganim sababli maoshimni o‘zimning ehtiyojlarimga sarflayman.
- Novvoylik menga ota kasb, asli urgutlikman, - deydi Samarqand veterinariya meditsinasi institutining biotexnologiya, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi fakulteti 3-kurs talabasi Nurali Ergashev. - Shanba va yakshanba kunlari novvoyxonada ishlayman. Shahar va Toyloq tumani markazida o‘z novvoyxonamiz bor. Ikki kun ishlab, bir oylik stipendiyam miqdorida pul topaman. Kelgusida magistratura bosqichida o‘qish niyatim bor, o‘z sohamdan kelib chiqib, novvoyxona faoliyatini ham kengaytirmoqchiman. Kasbim hunarimni boyitadi, hunarim esa kasbimga foyda beradi, deb hisoblayman.
Biroq barcha ishlashni istovchi talabaga ham korxona va tashkilotlardan ish topilavermaydi. Ishlashga ehtiyoji bor ba’zi yoshlar kunlik, mavsumiy ishlarni ham bajaradi.
- Shu yil kontrakt asosida oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirdim, - deydi o‘zini tanishtirishni istamagan talaba. – Ikki yildan beri o‘qishga kira olmayotgandim, shu sababli ota-onam o‘qitaman, dedi. Ammo akam ham talaba. Ikkalamizni o‘qitishga uydagilar qiynalib qolishdi. Shu sababli darsdan so‘ng ish qidirib, yuk tashish, avtomashina yuvish kabi mavsumiy ishlarni bajarib, pul topyapman.
Oliy ta’lim muassasalarida ishlaydigan talabalar bormi?
- Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida ham bugungi kunda 32 nafar talaba-magistrantlar ish yurituvchi, uslubchi, kabinet mudiri, kutubxonachi, omborchi kabi lavozimlarda ishlamoqda, - deydi filial direktori Shavkat Hasanov. - Kelgusi o‘quv yilidan boshlab filialda yangidan tashkil etiladigan ish o‘rinlariga talabalarni keng jalb etgan holda ular safini 50 nafarga yetkazish rejalashtirildi. Qolaversa, filialda 10 nafar talabadan iborat mavsumiy obodonlashtirish otryadi tashkil etilgan bo‘lib, talabalarga qo‘shimcha ish haqi to‘lash asosida bahorgi ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Talabalar yangi ish o‘rinlarini internet orqali topsa...
Oliy ta’lim muassasalarida ishlovchi talabalarning asosiy qismi magistratura yo‘nalishida o‘qiydigan talabalardir. Bakalavr yo‘nalishida o‘qiydigan talabalar uchun ish o‘rinlari juda kam. Prezidentimiz topshirig‘idan so‘ng barcha korxona va tashkilotlarda, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida ham talabalar uchun ish o‘rinlari yaratiladi. Istardikki, yangi ish o‘rinlari internetga joylansa va bu tarmoq orqali ish topish oson qilib qo‘yilsa, talabalarga yanada qulay imkoniyat yaratilgan bo‘lardi.
Xurshida Ernazarova,
“Zarafshon” muxbiri.