Hamkorlik - giyohvandlikning oldini olishning eng samarali chorasi

Samarqand viloyat bojxona boshqarmasida viloyat hokimligi huzuridagi narkotik moddalarini nazorat qilish mintaqaviy komissiyasining sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda komissiyaning 2018 yilda narkotik moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlari tahlil qilindi. Giyohvandlik insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan eng xavfli global muammolardan biri ekani qayd etildi.

– Yurtimizda aholi o‘rtasida giyohvandlikka qarshi kurashish borasida tegishli dasturlar amalga oshirilmoqda, – deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi bo‘lim boshlig‘i Shuhrat G‘ulomov. – Shuningdek, viloyatdagi korxona va tashkilotlarda, ta’lim maskanlarida viloyat narkologiya dispanseridan mutaxassis-vrachlar va narkotik moddalarning g‘ayriqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyat olib boruvchi xodimlar, ichki ishlar xodimlari tomonidan giyohvandlikning oldini olishga qaratilgan profilaktik, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan giyohvand moddalarning noqonuniy aylanma savdosiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda. Davra suhbati, tadbirlarda ko‘rgazmali vositalar yordamida “zahri qotil”ning qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ma’lumot berilmoqda. Buning samarasi o‘laroq, viloyatda narkotik moddalarning noqonuniy muomalasi borasidagi ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan yaxshilandi.

Shuningdek, tadbirda joylarda narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish borasida ayrim hududlardagi ishlar sust olib borilayotgani, “Qora dori”, “Narkotik moddalar tarqatilishiga qarshi kurash oyligi”, “Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlar samaradorligi talab darajasida emasligi ta’kidlandi.

- 2018 yilda viloyat bojxona tizimida giyohvandlik vositalarining noqonuniy harakati bilan bog‘liq 11 ta huquqbuzarlik holati qayd qilindi, - deydi Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i E.Salixov. - Ular bo‘yicha 527,99 gramm giyohvandlik vositalari, 19 tup giyohvandlik o‘simliklari hamda 297 dona psixotrop moddalar ashyoviy dalil tariqasida olindi. Agar hududiy komissiyalar, sohaga mas’ul idoralarning o‘zaro hamkorligi izchil yo‘lga qo‘yilsa, bu boradagi ishlarimiz sifat va samarasi yanada yuqori bo‘ladi.

Yig‘ilish so‘ngida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Akram BO‘RIYeV.