Har bir fermer 10:1 foiz yerini yoshlarga taqdim etadi

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashida yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga bag‘ishlangan videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizda dehqonchilik, chorvachilik kabi sohalar bilan shug‘ullanish azaldan yuksak qadrlangan. Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, xususan, yoshlarning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugun dunyo aholisining 16 foizini yoshlar tashkil qilmoqda. Yurtimizda esa bu ko‘rsatkich e’tirof etsa arzigulik – aholining 60 foizdan oshiq qatlami kelajagimiz davomchilari hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu ma’noda ham, O‘zbekistonni yoshlar mamlakati, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yoshlarni ish bilan ta’minlashda ularning iqtisodiy mustaqillikka erishishlari va hayotda o‘z o‘rinlarini topib ketishlarida kichik biznes va tadbirkorlik sohasining rivojlanishi eng asosiy omil va manba bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashida va uning huzuridagi Jamg‘arma mablag‘larini sarflashda ham bu jihat e’tiborga olingan. Misol uchun, 2021 yilda jamg‘arma mablag‘laridan 75 milliard so‘m ajratiladi. Buning evaziga temir daftarga kiritilgan 8 mingdan ortiq xonadonga issiqxona qurish, parranda, quyon va asalari yetkazib berish, to‘qsonbosti ekinlari, sarimsoqpiyoz va sabzavot ekinlari ekish rejalashtirilgan. Bunda esa xotin-qizlar va yoshlarni bandligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Videokonferensiyada Jamg‘arma tomonidan 2020 yilda Xitoy tajribasi asosida 60 ta qishloq xo‘jaligi kooperativiga 33,3 milliard so‘m kredit ajratilganligi, natijada 10,3 ming gektarda bog‘, tokzor, sabzavot, dukkakli, poliz va boshqa ekinlar ekilib, qariyb 20 mingta ish o‘rni yaratilganligi ta’kidlanib, bu tajriba 2021 yilda ham jadal sur’atlarda davom ettirilishi ma’lum qilindi.

Eng muhimi, endilikda fermer xo‘jaliklari ham yoshlarning bandligini ta’minlashda faol ishtirok etish uchun har bir fermer yer maydonidan 10 foizini yoshlarga beradi.

Ayni vaqtda bir qator viloyatlarda bu tajriba sinov tariqasida yo‘lga qo‘yiladi.

Manba: