Har bir murojaat ortida inson taqdiri bor
Xalq deputatlari viloyat Kengashining yetmish uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.
Sessiya kun tartibiga bitta masala - aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlash holati kiritildi.
Mazkur masala bo‘yicha viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i N.Sulaymonov, “Samarqand elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati direktori F.Qurbonov, Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi F.Xudoyqulov, viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Narziqulov, shuningdek, Samarqand shahar, Payariq, Samarqand va Urgut tumanlari sektor rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i N.Sulaymonovning aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlash holati, takroriy murojaatlarning ko‘payish sabablari yuzasidan ta’kidlashicha, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida bosh boshqarma va tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga jami 5254 ta murojaat kelib tushgan. Shundan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishonch telefoni va virtual qabulxonasi orqali 4441 ta murojaat yo‘llangan.
Bu murojaatlardan 1771 tasi ijobiy hal etilgan, 1637 tasiga huquqiy maslahatlar, 823 tasiga tushuntirish berilgan.
Kengash raisi bu boradagi huquqiy maslahat va tushuntirish berilishi masalaning yechimi emasligi, aksincha, uning ortida turgan fuqarolar muammosi soha rahbar va mutaxassislari tomonidan hal etilishi shart ekanini ta’kidladi.
Murojaatlar yechimiga jiddiy e’tibor qaratmagani, qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun boshqarma boshlig‘i N.Sulaymonovga "hayfsan" intizomiy jazosi berish, Past Darg‘om, Payariq, Qo‘shrabot, Jomboy tumanlari aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari rahbarlarini lavozimidan ozod etish tavsiya etildi.
“Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati direktori F.Qurbonovning aytishicha, joriy yilning 9 oyi davomida viloyat aholisidan 4796 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 699 tasini takroriy murojaatlar tashkil etadi. Bugungi kunda bu murojaatlarning 343 tasining ijrosini ta’minlash qurilish materiallari yetishmasligi sababli kechikyapti.
- Xoh u ish bilan ta’minlash masalasi bo‘lsin, xoh elektr energiyasidagi uzilishlarga barham berilishi haqida bo‘lsin, har bir murojaatning ortida inson taqdiri bor, - dedi Erkinjon Turdimov. – Buni har bir rahbar, mas’ul xodim his etishi, zimmasida qanday mas’uliyat borligini bilishi lozim. Murojaatlar holati tizimlar talab darajasida ishlamayotgani, rahbarlar mas’uliyatsiz ekanini ko‘rsatyapti. Bunday munosabat oqibatida aholi murojaatlari kamaymaydi, aksincha, ko‘payadi. Shu bois murojaatchi yoki u ko‘targan muammo bilan emas, muammoning kelib chiqish sababi bilan kurashish kerak. Masalan, elektr ta’minoti tizimida murojaatlar yechimiga real e’tibor qilinmagan, imkoniyat bo‘lsa-bo‘lmasa, va’da berilgan, oqibatda joylarda aholi murojaatida aks etayotgan transformator yoki simyog‘ochni almashtirish muammosi yo‘g‘on ichakdek cho‘zilib kelyapti.
Sessiyada murojaatlar yechimiga panja orasidan qaragan ayrim tuman elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlariga ogohlantirish berildi.
Shundan so‘ng deputatlar viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Narziqulovning murojaatlar bilan ishlash borasidagi hisobotini tingladilar. Ta’kidlanishicha, boshqarmaga shu yilning o‘tgan davri mobaynida 1227 ta murojaat kelib tushgan (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 163 taga yoki 15,4 foizga ko‘paygan). Biroq 31 ta murojaatning ko‘rib chiqish muddati buzilgan.
Muammoli murojaatlar mas’ul ijrochilar tomonidan joyida borgan holda batafsil o‘rganilmasdan, fuqaroga umumiy javob berilishi, shuningdek, aksariyat hollarda rad etiladigan murojaatlarga asoslantirilgan qonun normalari aniq ko‘rsatilmagani, murojaatchilarga yuzaki javob xati yuborilishi takroriy murojaatlarning ko‘payishiga sabab bo‘lgan.
Boshqa tashkilot, tuman, shaharlar sektor rahbarlarining hisoboti ham tanqidiy tahlil qilindi, deputatlar murojaatchilarni qiynayotgan, muammo yechimi bartaraf etilmayotgan masalalar bo‘yicha ulardan izoh, ijrosi bo‘yicha aniq muddat so‘radi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan Kengashning qarori qabul qilindi.