Har qanday urush mag‘lubiyat degani
Biz mudom musaffo osmon haqida gapira turib, ba’zida buni kinoya ostiga ham oldik. Hatto u yoki bu hududlarda norozilik bo‘y ko‘rsatib turgan paytda “ehtimol, tinchlik uchun shukur qilib o‘tiringlar” deyishimiz uchun atay uyushtirilayotgandir, degan fikrlarni aytishdan uyalmadik.
Bugun esa osmonimiz musaffo deyishdan uyalganlar urush va uning oqibatlari haqida gapirmoqda. Albatta, bu masalada ular haq. Yigirma birinchi asrda, ilm-fan, inson tafakkuri yuksak cho‘qqilarni zabt etayotgan, nanotexnologiyalar rivojlanayotgan bir paytda urush so‘zini eshitish insonga juda og‘ir botadi.
Butun dunyoda axborot urushi boshlangan, endigi navbat bakteriologik janglarga degan gap-so‘zlar aytilib, bizni doim vahimaga solib turgan bir paytda tanklar bilan qaysidir davlat boshqa mamlakatga hujum qilishi mumkinligi kishini hayrat va g‘azabga soladi.
Afsuski, shunday holatlar yuz bermoqda. Yon qo‘shnimiz bo‘lgan mamlakatda bo‘lib o‘tgan voqeliklar o‘sha payti barchamizni sergaklikka chorlagan bo‘lsa, ayni paytda yuz berayotgan Rossiya - Ukraina voqealari ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarning bosh mavzusiga aylandi.
Bugun qaysidir davlatdagi muammolar boshqa davlatga tegishli bo‘lmaydi, degan qarash allaqachon eskirgan. Har qanday notinchlik, u juda kichik bo‘lsa-da, insoniyat uchun o‘z sabog‘ini beradi. Ayniqsa, ushbu notinchlik qo‘shni davlatlarda yuz berayotgan bo‘lsa.
Tashqi siyosat barcha zamonlarda ham eng murakkab jarayon bo‘lib kelgan. Bugun yon qo‘shnisi bilan bir qarich yer uchun kelisholmay, sudlashib yurganlar juda ko‘p deymiz va bunday voqealarga o‘zimiz ham guvoh bo‘lib kelyapmiz. Lekin ba’zida o‘z qo‘shnisi bilan murosaga kela bilmagan odamning davlatimiz mana bu ishlarni bajara olmayapti, degan gaplarni aytgani hayratlanarli.
Bugungi jamiyat uchun tashqi siyosat mohirona diplomatiya va kelishuvdir. Faqatgina tinchlikni asrash uchun kezi kelganda juda ko‘p manfaatlardan voz kechilgan fursatlar bo‘lgan. Buni mamlakatimiz miqyosida ham juda ko‘p misollar orqali aytish mumkin. Qo‘shni davlatlar bilan murosa qilish, rivojlangan davlatlar bilan muzokarada o‘z manfaatlarimizni ko‘zlagan holda ish olib borish eng nozik va puxta diplomatiya sanaladi. To‘g‘ri, bu masalada bir yoqlama yondashuv ham bo‘lishi mumkin.
Tinchlikni o‘ylab, shuningdek, murosayu madora qilib, davlatlararo munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olish yanayam katta yutuq. Tinchlik, xotirjamlik bo‘lmas ekan, har qanday erishilgan yutuqlar arzimas bo‘lib qolishi mumkin, odamlar yaxshi yashamas ekan, notinchlik yuzaga kelishi xavfi har doim mavjud. Tarozining bu pallasini bir xil ushlab turish esa kuchli siyosiy iroda, mahorat va tajriba deganidir. “Qo‘l uzatish”, ya’ni bag‘rikenglik siyosati deganidir bu.
Tinchlikka, askarlar o‘limi, onalar yig‘isi, go‘daklar faryodiga olib kelayotgan har qanday urush mag‘lubiyatdir.
Gulruh MO‘MINOVA.