Harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni saralash avgustdan boshlanadi
Bu haqda viloyat hokimining tegishli qarori qabul qilingan.
Qarorda belgilanishicha, 2020 yilgi harbiy xizmatga chaqiruv mavsumi joriy yil 10 avgustdan boshlanib, kelgusi yilning 10 fevraligacha davom etadi. Shu davr oralig‘ida chaqiriluvchilar o‘rtasida tanlov o‘tkazilib, ularning umumjismoniy tayyorgarligi aniqlanadi. Bundan tashqari, kasbiy tanlov bo‘yicha sinovlar hamda yakka tartibda suhbatlar o‘tkaziladi.
Belgilangan kengash a’zolari tomonidan o‘tkaziladigan tanlov jarayonlarida keng jamoatchilik vakillari hamda ota-onalar ishtirok etishlari mumkin.
Viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi (F.Alimxodjayev) barcha chaqiriluvchilarga bir xil shart-sharoit yaratib, oshkoralikni, ijtimoiy adolat hamda samarali jamoatchilik nazorati amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Shuningdek, boshqarma chaqiriluvchilar o‘rtasida Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va ularga berilayotgan imtiyozlar haqida keng targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod qilish huquqiga ega bo‘lmagan, sog‘ligining holatiga ko‘ra, harbiy xizmatga o‘ta yaroqli, deb topilgan va jismoniy tayyorgarlik sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan chaqiriluvchilarni kasbiy tanlovga jalb qilishga mas’ul hisoblanadi.
Qarorda belgilanishicha, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi (Z.Karimov) o‘rinlar soni 25 nafar chaqiriluvchiga mo‘ljallangan kompyuter xonalari hamda yetarli miqdordagi jihoz va vositalar, malakali mutaxassis-o‘qituvchilar ajratadi.
Chaqiriluvchilar har yilgi tanlovda bir marta ishtirok etishlari mumkin.