Hayot saboqlari: Pushaymonlik

Faqir ko‘ngli aynib uyg‘ondi. Boshi tars yorilgudek lo‘qillab og‘rir, tomog‘i quruqshab, tashnalikdan ichi yonardi.

- Nazi, qayerdasan? Suv ber! Voy-voy boshim, o‘laman! - Hech kim javob bermadi. Vaqt allaqachon tushga yaqinlashib qolgan. Quyosh osmondan olov purkardi. Faqir gandiraklab, o‘rnidan turdi. Bir amallab oshxonaga yetib bordi, tiz cho‘kib, ikki qo‘li bilan chelakka yopishdi, o‘pkasi og‘zidan otilib chiqqudek hansirab, yutoqib suv ichdi. Biroz o‘ziga kelganday bo‘ldi. Xirqirab yana xotinini chaqirdi.

- Nazira, tirikmisan?

Javob bo‘lmadi: “Yer yutganmi, buni, qayerga gumdon bo‘ldi?”. Jahl bilan o‘rnidan turdi, boshi gir-gir aylanib, chayqalib ketdi. Devor suyana-suyana uyga kirdi.

- Qayerdasan? – uy ichiga ko‘z yugurtirdi. Hech kim yo‘q. Ko‘zi televizor ustidagi qog‘ozga tushdi: “Nima ekan?”. Olib, yozuvga qaradi: “Faqir aka, hammasi hiqildog‘imga keldi, ortiq siz bilan yashamayman. Biz Nilufar bilan onamnikiga ketdik, borib ovora bo‘lib yurmang. Nazira”.

Faqir xuddi birov boshidan qaynoq suv quyganday, ko‘z oldi qorong‘ilashib, behol o‘tirib qoldi. Xayolida ko‘zlari charos, sochlari qo‘ng‘iroq qizalog‘i namoyon bo‘lib, ingrab yubordi: “Nilu, ona qizim!”.

Nazirani sevib uylangandi. Kelin-kuyovga hammaning havasi kelardi. Nazira maktabda, Faqir san’at bilim yurtida dars berishardi. Ulardan baxtiyor odam yo‘q edi dunyoda. Faqirning yaxshigina ovozi bo‘lib, to‘ylarda xizmat qilib turardi. Biroq havoyi hayot, xazon kabi yog‘ilgan pullar, aysh-ishrat uni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirdi. Nazira har oqshom qizchasini bag‘riga bosgancha, mijja qoqmasdan, uni xavotir bilan kutib o‘tirardi. Tun yarmidan oqqanda qaytgan Faqirning og‘zidan qo‘lansa aroq hidi anqirdi. Bora-bora sog‘lig‘iga putur yetdi. Ikki-uch kunlab bedarak ketadigan bo‘ldi. Yengil hayot, bazmu jamshidlar uni tubanlik sari yetaklardi. Katta-kichikning pand-nasihati, Naziraning yozg‘irishlari unga kor qilmasdi. Kechagi voqea Naziraning sabr kosasini to‘ldirdi. Bu gal hamtovoqlari Faqirni o‘likdek ko‘tarib kelishdi, butunlay es-hushini yuqotgan, zo‘rg‘a nafas olardi. Uni olib kelgan otarchi shogirdlari - ikki yigit va bir ayol ham zo‘rg‘a oyoqda turishardi.

- Uzr, yanga, - dedi yigitlardan biri kalovlanib, ustozni sal charchatib qo‘ydikda bugun...

Nazira nafrat va alam bilan erining tuban hamtovoqlarini kuzatib qo‘ydi: “Hayf senlarga inson degan pokiza nom!”.

...Faqir Nazira qoldirgan xatni yana bir bor o‘qidi. Ko‘ngil ko‘chasining qorong‘i so‘qmoqlari uni oydin yo‘llardan adashtirib, endi ortga qaytib bo‘lmaydigan zulmat qa’riga itqitganini angladi. Afsuski, endi kech...

Tog‘aymurod Shomurodov.