Hayvonot olamidagi eng yaxshi onalar

Sizningcha, hayvonot olamida kim eng yaxshi ona degan g‘ururli nomga ega bo‘la oladi? Hoynahoy, siz bu haqda hech bo‘lmasa bir marta o‘ylab ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Hayvonlarni kuzatuvchi olimlar orasida g‘oliblikni kimga berish kerakligi haqida biror bir to‘xtam yo‘q. Bugun yer yuzidagi haqiqatan ham ajoyib, eng g‘amxo‘r onalar deb hisoblanadigan hayvonlar haqida ma’lumot beramiz.

Shimpanze

Shimpanzelar odamlarga juda o‘xshash, hatto homiladorlik davri ham bir xil, shuning uchun ular bizga o‘xshab o‘z bolalarini erkalatadi, ularga g‘amxo‘rlik qiladi, asrab-avaylaydi, bilganlarini o‘rgatadi, yeguliklarini baham ko‘radi va farzandlari besh yoshga to‘lgunga qadar uzoq vaqt emizishadi.

Shimpanzelar hamdardlik va rahm-shafqat ko‘rsata oladi va agar ularning chaqalog‘i vafot etsa, ular bir necha kun motam tutishlari mumkin. Los-Anjeles hayvonot bog‘ida olomon ko‘z o‘ngida Greys ismli shimpanze bolasi vafot etganidan so‘ng hayvonot bog‘i xodimlari chaqaloqni ikki kundan keyin olib ketishga muvaffaq bo‘lishdi, shu vaqtgacha alohida xonada yashiringan Greys farzandini qo‘llarida tebratib, allalab o‘tirgan.

Oq ayiq

Barcha ona ayiqlar o‘z farzandlarining qattiq himoyachilaridir, ammo qutb ayiqlari ular orasida eng g‘amxo‘r onalar hisoblanadi. Ular nafaqat o‘z bolalariga, balki boshqa yetim ayiq bolalariga ham g‘amxo‘rlik qilishga qodir. Ona ayiq inson tili bilan aytganda, toki ularni oyoqqa qo‘ymaguncha bolalaridan ikki-uch yilgacha ajralmaydi. Bu vaqt ichida u ularga omon qolish ko‘nikmalarini to‘liq o‘rgatadi.

Alligator

Nahotki... Biroq, bu haqiqat - timsoh onalar juda g‘amxo‘r va ko‘pchilik sudralib yuruvchilardan farqli o‘laroq, chaqaloqlarini tashlab yoki hatto ularni yeb (!) ham qo‘ymaydi. U ularni tuxum qo‘ygan paytidan boshlab himoya qiladi, yirtqichlardan himoyalangan issiq uyada saqlaydi (uning uyasi chirigan o‘simliklar to‘plami bo‘lib, issiqlik hosil qiladi), tug‘ilganda ularni juda ehtiyotkorlik bilan og‘zida olib yuradi. Chaqaloqlar tug‘ilgandan so‘ng, u oq ayiq kabi ikki yoki uch yoshgacha ular bilan birga qoladi.

Jirafa

Ona jirafaning onalarimiz bilan umumiy tomoni shundaki, ikkalasi ham farzand tug‘ilgandan keyin juda kam uxlaydi. Jirafa buzoqchasini yirtqichlardan himoya qilib, doimo qo‘riqlashga majbur, shu sababli u kuniga bor-yo‘g‘i 30 daqiqadan 2 soatgacha uxlaydi.

Jirafalar, shuningdek, boshqa bolalar uchun eng mehribon va saxovatli enagalardir. Podadagi yosh hayvonlar nafaqat o‘z onalarining suti, balki onasi dugonasining suti bilan ham oziqlanadi. Qo‘shni jirafalarning o‘zi bunga qarshi emas, ular begona bolalarni haydab chiqarmasdan, ularga g‘amxo‘rlik qilaveradi.

Fillar

 “Bir fil bolani boqish uchun butun bir qishloq kerak”, degan naqlni mukammal tushunib, hayotga tatbiq etadigan eng dono xonimlar aynan mana shu yerda. 22 oylik homiladorlikdan keyin tug‘ilgan kichkina filchaga g‘amxo‘rlik qilish uchun buvilar, xolalar, opa-singillar... butun fillar oilasi keladi.

Onasi suzishga, ovqatlanishga yoki dam olishga ketganda, qarindoshlar chaqaloqqa qarab turishadi. Uyqusini olib bo‘lgan ona dugonalari dam olishga ketganda, yangi kuch va yaxshi kayfiyat bilan nafaqat o‘zining, balki qo‘shnilarining bolalariga ham g‘amxo‘rlik qila oladi.

Gepardlar

Gepardlar eng sabrli onalardir. Ona gepardning o‘z zurriyodiga g‘azablanganini deyarli uchratish qiyin. Uning avlodi juda katta-har safar 4-6 mushukcha tug‘iladi.

Gepardlar ko‘pincha yetim mushukchalarni ham asrab olishadi va ularni o‘zlariniki kabi tarbiyalashadi. Qizig‘i, farzandlari taxminan ikki yoshga to‘lganida, onasi go‘yo: “Bo‘ldi, bolalar, endi o‘zingizni o‘zingiz uddalaysizlar”, degandek, ularni tashlab, yangi oila qurish uchun ketishadi, o‘smirlar esa onasiz qoladi. Taxminan olti oy birga yashagandan keyin qizlar ham to‘dani tark etib, onasi kabi yolg‘iz yashay boshlaydi. Lekin o‘g‘il bolalar bunday qilmaydi, ular birodarlikda yashashni afzal ko‘rishadi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.