Hokim opaning ayollar davrasi

Kattaqo‘rg‘on shahrida istiqomat qilayotgan 90 mingga yaqin aholining 50 mingdan ortig‘i, jumladan, 26 ming nafar xotin-qizlar mehnatga layoqatli. Ammo hammasining ham bandligi ta’minlanmagan. Yil boshidan buyon shahar hokimligiga 811 nafar xotin-qiz ish masalasida murojaat qilgan. Shu paytgacha 178 nafar ayollarga doimiy ish o‘rni topib berilgan bo‘lsa, 34 nafarining hovlisida davlat subsidiyasi asosida issiqxona qurib berilib, bandligi ta’minlangan. 80 nafarga yaqin bekalar esa qisqa muddatli o‘quv kurslarida tikuvchilik, sartaroshlik, oshpazlik va boshqa kasblarga o‘qitildi. Ular uy sharoitida ham bu kasblar bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘or tebratishi mumkin.

Ko‘p yillar mahalla tizimida, xotin-qizlar qo‘mitasida faoliyat ko‘rsatgan Gavhar Alimova Kattaqo‘rg‘on shahriga hokim etib tayinlangach, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish kabi muhim yo‘nalishlar qatorida xotin-qizlar masalalariga birinchi darajali yumush sifatida yondashayotgani sezilib turadi. Chunki ayollarning dardu tashvishlarini his qila oladi, doim xotin-qizlar orasida bo‘lgani uchun ularning turmush tarzidan ham yaxshi xabardor.

– 18 yil uysiz, ijarada yashadim, – deydi Noqis mahallasida yashovchi Nodira Boliyeva. – Shu masalada hokimga murojaat qilgandim, arzim yerda qolmadi va hokimlik tomonidan ikki xonali uy ajratildi. Hozir ham har bir bayram, yaxshi kunlarda yo‘qlab turishadi. Bunday g‘amxo‘rlik va e’tibordan boshim ko‘kka yetadi.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, G.Alimova bu gal shahardagi ehtiyojmand, og‘ir vaziyatga tushib qolgan bir guruh xotin-qizlar bilan dasturxon atrofida suhbatlashdi. Ularning muammo va tashvishlari, maqsad-o‘ylarini eshitdi. Kimdir ko‘zda yoshi bilan dardini to‘kib soldi. Kimdir quvonchini, yana kimdir istagini bildirdi.

– Shu paytgacha shahrimizdagi ishsiz opa-singillarimiz bandligini ta’minlash, ro‘zg‘ori uchun daromad manbai yaratish maqsadida 5 bosh sog‘in sigir, 30 bosh qo‘y, 11 ta tikuv mashinasi, 20 ta mikroto‘lqinli pech va turli xil hunarmandchilik uskunalari berildi, – dedi G.Alimova. – Albatta, bu juda kam. Qachonki, yuzlab shunday vositalar bersak, ayollarimiz uchun yangi ish o‘rinlari yaratsak va ular o‘zidan, ro‘zg‘oridan ko‘ngli to‘q bo‘lsa, keyin bu haqda gapirsak yarashadi. Hozir ham imkon darajasida yordam beryapmiz. Birinchi navbatda, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratyapmiz. Prezidentimiz tashabbusi bilan ayollar va yoshlar daftarlari ham tashkil etilishi boshlandi. Bu ro‘yxatni shakllantirib olganimizdan keyin aziz opa-singillarimizga yana ko‘proq yordam beramiz. O‘z navbatida, ayollarimizdan farzand ta’lim-tarbiyasiga, oilada sog‘lom muhitni qaror toptirishga alohida e’tibor berishlarini iltimos qilamiz. Oilalarimiz tinch bo‘lsa, farzandlarimiz sog‘lom o‘sib, puxta bilim olsa, jamiyatimizning eng katta yutug‘i shu bo‘ladi.

Uchrashuv yakunida Gavhar Alimova xotin-qizlarga homiylar tomonidan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari, qishki kiyim-kechaklarni topshirdi.