Hokim ota-onalar yig‘ilishiga bordi

Kimdir “Nima qilibdi? Farzandining taqdirini o‘ylab, qayg‘urgani uchun boshqa ota-onalar qatori borsa, boribdi-da”, deyishi mumkin.

Urgut tumani hokimi M.Turdiyevning farzandi tumandagi 136-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ta’lim-tarbiya oladi. Bugun o‘g‘lining sinf rahbari ota-onalar yig‘ilishini o‘tkazdi. Kutilmaganda M.Turdiyev hokim emas, ota sifatida ushbu yig‘ilishda qatnashdi. U bola ta’lim-tarbiyasiga biror vaqt sovuqqonlik bilan qaramaslik, pedagog bilan hamisha hamkor va hammaslak bo‘lib, unga ko‘maklashish, ayniqsa, tarbiyada sergak bo‘lish lozimligini boshqa ota-onalarga uqtirdi.

Bugun ko‘pchilikning ota-onalar yig‘ilishi desa, ensasi qotadi. Er-xotin o‘rtasida “qur’a tashlash” boshlanib ketadi. Bitta vaj bor: meni ishim ko‘p, vaqtim yo‘q...

Afsuski, buning oqibatida har chorak tugul, yilda bir bor farzandining ortidan so‘rab kelmagan ota-onalar uchrab turadi. Biroq unutmaslik lozim, bugun voyaga yetayotgan o‘g‘il-qizlarni birgina maktabning o‘zi tarbiyalay olmaydi. Unga ta’lim va tarbiyani bir paytda singdirish, iqtidor va iste’dodini qo‘llab-quvvatlash, ezgu orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish uchun ota-onaning nazorati, mavqeidan qat’iu nazar ularning ustoz va murabbiylar bilan doimiy hamkorligi juda muhim.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.