Hokimlik binolarida quyosh panellari o‘rnatiladi

Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining taxminan 90 foizi issiqlik elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan 10 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari ob’yektlarida, ya’ni gidroelektrostansiyalarda hosil qilinadi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini mamlakat iqtisodiyotiga keng joriy etish maqsadida 2019 yil 21 mayda “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan.

Qonunning 14-moddasiga ko‘ra, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq bo‘lgan) o‘rnatganlik uchun mol-mulk solig‘ini to‘lashdan hamda ushbu qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran o‘n yil muddatga ozod etilishi belgilab qo‘yilgan.

Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan yashash uchun mo‘ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar egaligidagi mol-mulkka qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i solinmaydi.

Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan yashash uchun mo‘ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga yer solig‘idan ozod etiladi.

Shuningdek, 2019 yil 22 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur qarorga binoan keyingi yillarda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, viloyatimizda Nurobod va Past Darg‘om tumanlari dasht zonasi hududida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektrik stansiyasi Nurobod tumani Sahoba ota massivi Tutli aholi yashash punkti hududida Fransiyaning “Totol Eren SA” kompaniyasi bilan davlat sheriklik asosida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektrik stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunda loyiha-smeta hujjatlari bajarilmoqda hamda qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi majlisining 2020 yil 9 noyabrdagi 59-son bayoni 2-ilovasiga asosan 2021 yilda ijtimoiy ob’yektlarda issiqlik va elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun quyosh tizimlarini o‘rnatish shuningdek, jamoat binolarida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha “Maqsadli dastur” qabul qilingan.

Dasturga asosan viloyatimizdagi 342 ob’yektda, jumladan, hokimiyat binolarida, viloyat ichki ishlar boshqarmasi va shahar, tumanlar bo‘limlari, viloyat prokuratura idoralari, moliya boshqarmasi va bo‘limlari, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim boshqarmalariga qarashli ob’yektlar binolarida, shahar va tumanlar tibbiyot birlashmalari binolarini qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan jihozlash rejalashtirilgan. Bu tadbirlar 2021 yilning 4-choragida bajarilishi belgilangan.

Dasturga kiritilgan 342 ob’yektda umumiy quvvati 9,098 ming kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Buning uchun 290,8 million so‘m respublika byudjetidan va 1146,3 million so‘m mahalliy byudjetdan moliyalashtirilishi belgilangan.

Akram Boboyev,

“O‘zenergoinspeksiya” Samarqand hududiy bo‘limi bosh mutaxassisi.