Hududga chetdan investitsiya kiritishda nima muammo bor? Jamoat transportida qachon sifatga erishiladi?
Xalq deputatlari viloyat Kengashining sakson ikkinchi sessiyasida shu savollar va shu kabi boshqa masalalar bo‘yicha muhokamalar bo‘ldi. Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri Z.Karimov boshqardi.
Deputatlar dastlab viloyat investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Sheroz Sobirovning viloyatda 2022 yilda investitsiyalar jalb qilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hisobotini tingladi va muhokama qildi.
Qayd etilishicha, 2022 yilda davlat va hududiy investitsiya dasturlari doirasida qiymati 11,5 trln. so‘mlik 1215 ta loyiha ishga tushirilgan va buning hisobiga 22 043 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
- Jumladan, viloyatda davlat investitsiya dasturi doirasida 93 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga barcha mablag‘lar hisobidan 642,7 mln. dollar o‘zlashtirildi, - deydi Sh.Sobirov. - Viloyatda 2022 yilga mo‘ljallangan ishlar ortig‘i bilan bajarilgan bo‘lsa-da, 4 ta tumanda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha reja bajarilmadi. Misol uchun, Paxtachi tumanida 2022 yilda 6 mln. dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilish beligilangani holda amalda bor-yo‘g‘i 1,45 mln. dollar (24 foiz) xorijiy investitsiyalar jalb qilindi.
Payariq tumanida esa 5 mln. dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi belgilangan bo‘lib, amalda 1,5 mln. dollar (29 foiz) jalb qilindi.
Sh.Sobirov 2022 yilda viloyatda mahsulotlarni eksportga chiqarish bo‘yicha qilingan ishlar tahlili haqida ham hisobot berdi. Ta’kidlanishicha, 2022 yil yakuni bilan 587,3 mln. dollar miqdoridagi mahsulotlar eksportga chiqarilib (2021 yilning mos davriga nisbatan 128 foiz), belgilangan reja 102 foizga bajarilgan. 565 ta korxona tomonidan 60 ta mamlakatga, shundan, 9 ta yangi bozorlar - Braziliya, Singapur, Malayziya, Ummon, Tunis, Bahrayn, Bosniya va Gersegovina, Lyuksemburg, Portugaliya davlatlariga mahsulotlar eksport qilingan.
Deputatlar viloyatga investitsiya jalb qilish va eksportni kengaytirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bugungi kun talabi darajasida emasligini bildirib, tizimdagi ayrim kamchiliklarni tanqid qildi. Xususan, har bir loyiha ijrosi bo‘yicha talabchanlik o‘rnatilishi zarurligi ta’kidlandi.
Tashqi savdo ishlari va investitsiya kiritish faoliyatida sifat va samaradorlikni oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berishdi.
Sessiya ishida, shuningdek, deputatlar viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari J.Qorjovovning Samarqand shahar jamoat transporti tarmog‘ini 2023 yilda rivojlantirish bosh rejasi va uni amalga oshirish bo‘yicha manzilli dastur bo‘yicha taqdimoti va axborotini eshitdi.
- Ushbu manzilli dastur viloyatda aholining yuqori sifatli va qulay yo‘lovchi tashish xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq qondirish, sohada bozor tamoyillarini joriy etish, xususan, moliyalashtirish tizimi va tarif siyosatini takomillashtirish orqali xususiy sektor uchun jozibali biznes muhitini yaratishga qaratilgan, - deydi J.Qorjovov. – Unga ko‘ra, 2023 yilning 1 avgustiga qadar shaharda avtobus yo‘nalishlarining yangi tarmog‘i joriy etiladi, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi va avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. 2024 yilning 1 yanvariga qadar muntazam shahar avtobus yo‘nalishida cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashish brutto-shartnoma asosida tashkil etilib, moliyalashtirish tizimi bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.
Manzilli dasturga ko‘ra, 2023 yil yakunigacha shaharlararo avtovokzal quriladi, Samarqand shahridagi 44 ta ko‘cha va ularning bir-biri bilan kesishma nuqtalarida 181 ta transport detektor (videokuzatuv) qurilmalari o‘rnatiladi. Shaharga tumanlardan kirib keluvchi magistral yo‘llarda 3 ta qulay transport o‘tish bog‘lamalari (avtoturargoh) quriladi. Bular – “M-37 Samarqand halqa yo‘li – Samarqand tumani parrandachilik fabrikasi”, “M-37 Samarqand halqa yo‘li – Qo‘ndiso‘fi mahallasi”, “M-39 Samarqand halqa yo‘li – Chumchuqli mahallasi (betonka krug)”.
Deputatlar manzilli dasturga o‘z takliflarini bildirib, bugungi kunda viloyatda transport xizmati ko‘rsatish, jumladan, jamoat transportida ko‘plab muammolar borligini ta’kidladi. Bu borada bajarilishi zarur bo‘lgan masalalar muhokama markazida bo‘ldi.
Sessiya davomida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining viloyatdagi bozorlarda qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va unga imkoniyat yaratgan holatlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi taqdimnomasi yuzasidan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari kotibiyati mudiri Q.Xushboqovning hisobotini tingladi.
Q.Xushboqov taqdimnomada ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” belgilangani, unda mavjud muammolarni tizimli ravishda hal etish belgilab olinganini ta’kidladi.
- Ko‘pgina bozorlarda fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan savdo do‘konlari qurib olingan, - dedi Q.Xushboqov. – Bu holatga barham berish maqsadida bir oy ichida Toyloq tumanida 22 ta, Jomboyda 54 ta, Kattaqo‘rg‘on shahrida 18 ta, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo, Payariq, Ishtixon, Urgut, Narpay, Past Darg‘om va Samarqand tumanlarida 6 tadan, Samarqand shahridagi “Temir yo‘l dehqon bozori” va Bulung‘urda 4 tadan bozor hududida o‘zboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy savdo do‘konlari faoliyati bartaraf etiladi.
Sessiyada, shuningdek, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2021 yil 30 dekabrdagi VI-53-126-7-0-K/21-sonli va 2022 yil 18 noyabrdagi VI-76-219-7-0-K/22-sonli qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatning deputatlik vakolatini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.