Hududlarda ham ko‘p qavatli uylar quriladi
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi avvalida shunday ibratli so‘zlar keltirildi: “Buyuk Imom Buxoriy hazratlarining “Al-jome’ as-sahih“ asarida “Barcha ezgu amallar niyatga bog‘liq, har bir kishiga faqat niyat qilgan narsasi beriladi“ degan hadis bilan boshlanishida, albatta, chuqur ma’no bor “Yakuniga yetib borayotgan yil mamlakatimizda barchamiz uchun muqaddas Vatan timsoli bo‘lgan qishloqlarimiz, mahallalarimizni obod qilish bo‘yicha ulkan ishlar boshlangan yil bo‘ldi“. Va, qayd etildiki, “Obod qishloq“ va “Obod mahalla“ dasturlarini xalqimiz katta mamnuniyat bilan kutib oldi. Bu boradagi qurilish va obodonlashtirish ishlariga 3 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Joriy yilda har ikkala dastur ijrosi uchun 4 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Yana bir muhim gap. Bu borada faqat poytaxt va viloyat markazlari bo‘lgan shaharlarni emas, avvalo, hududlarda joylashgan shahar va posyolkalarni kompleks rivojlantirish e’tibor markazida bo‘ladi va bu hududlarda ko‘p qavatli uylar bosqichma-bosqich tarzda barpo etiladi. Bunday ulug‘ maqsad va niyatlarga qo‘shilmasdan bo‘ladimi?
Bu borada viloyatimizda ezgu ishlar davom ettiriladi. “Obod qishloq“ dasturiga muvofiq 2019 yilda 14 ta tumandagi 42 ta mahallada mavjud aholiga qulay sharoitlar yaratiladi. Ichimlik suvi, elektr, gaz tarmoqlari yanada yaxshilanadi. Bir qator ijtimoiy soha ob’yektlari qurilib, ishga tushiriladi. Dastur doirasida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun 615,4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. “Obod mahalla“ dasturi doirasida ham bunyodkorlik ishlari davom ettiriladi.