Hududlardagi elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlarini ta’mirlash bilan bog‘liq kamchiliklar bartaraf etildi
Bugun saytimizda “Samarqandda elektr tarmoqlaridagi ta’mirlash ishlarining ayrimlari faqat qog‘ozda bajarilgan, xolos” sarlavhasi bilan maqola e’lon qilgandik. “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati maqolada ta’kidlangan masalalar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:
“Paxtachi tumani Amir Temur mahallasi hududini elektr energiya bilan ta’minlovchi 10 kV “Istiqlol” elektr uzatish tarmog‘iga ulangan 408-sonli transformator punkti hamda Urkach mahallasidagi 10 kV “Marhabo” elektr uzatish tarmog‘iga ulangan 55-sonli transformator punkti Paxtachi TETK xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etildi va ushbu hududlar barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlanmoqda.
Past Darg‘om tumanida joylashgan 639, 635, 2542, 2829 va 2310-sonli transformator punktlaridagi kamchiliklar tuman ETK ma’sul xodimlari tomonidan bartaraf qilindi.
Narpay tumani hududida joylashgan 837 va 87-sonli transformator punktlaridan chiquvchi 0,4 kV elektr uzatish tarmoqlari daraxt shoxlaridan tozalandi va transformator punktlari ta’mirlandi.
Oqdaryo tumani hududida joylashgan 4082 va 4991-sonli transformator punktlari Oqdaryo TETK mas’ul xodimlari tomonidan daraxt shoxlaridan tozalanib, transformatorlardagi nuqsonlar bartaraf etildi.
Toyloq tumanidagi 488-sonli transformator punkti Toyloq TETK xodimlari tomonidan transformatorlarda aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf etildi.
Samarqand shahridagi 266, 554 va 67-sonli transformator punktlari bo‘yicha ko‘rsatilgan kamchiliklar shahar elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan bartaraf etildi.
Ayrim noqulayliklar uchun uzr so‘ragan holda, kuz-qish mavsumida Samarqand viloyatidagi barcha iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha jamiyatimiz tomonidan tegishli barcha choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilamiz.
E.MAMASOLIYeV,
“Samarqand HETK” AJ texnik direktori”.