Hunarmandlar mahsuloti jahon bozoriga chiqadi

Ota-bobolarimiz uzoq yillardan buyon milliy hunarmandchilik bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘origa qut-baraka kiritgan, mehnati va yaratgan mahsuloti bilan odamlarga naf keltirgan. Bugungi kunda ham bu an’ana davom etmoqda.

Muhimi, hunarmandlar har jabhada davlat g‘amxo‘rligini his qilib, mahsulot yaratmoqda. Jmladan, keyingi yillarda aholi daromadlarining oshishi, band bo‘lmagan aholi, ayniqsa, yoshlar, ayollar va kam ta’minlangan oilalarni hunarmandchilikka keng jalb etish orqali ularning ish bilan bandligini ta’minlash o‘z samarasini berdi. Viloyatimizda keyingi uch yilda uyushmamizdan ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat yuritish istagini bildirganlar soni ikki baravarga oshgani ham bunga yaqqol dalildir.

Ayni paytda viloyatimiz va tuman, shaharlarda  2400 dan ortiq hunarmand  34 yo‘nalishda izlanib, mehnat qilmoqda. Ular "Ustoz-shogird" an’anasini yo‘lga qo‘yib, 4385 dan ortiq shogird tayyorlamoqda. Viloyatda qabul qilingan dastur doirasida yilning o‘tgan davrida 615 ta loyiha uchun  19,4  milliard so‘mlik mablag‘ ajratilib, 483  ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Bugun ular yaratilgan imtiyozlardan to‘la foydalanmoqda. Jumladan, yasagan buyumlarini respublikadan tashqariga sotish va ko‘rgazmalarga borish chog‘ida ulardan boj to‘lovi olinmayapti. Hunarmandchiligi ortidan oilaviy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiryapti, ishlab chiqargan buyumlarini sotish uchun do‘konlar va shoxobchalar tashkil etyapti. Eng muhimi, hunarmandlar ijtimoiy sug‘urta qilinib, ish davrlari belgilangan tartibda mehnat stajiga qo‘shilmoqda.

Prezidentimiz hunarmandlarga yanada kengroq imtiyoz va imkoniyat yaratish, ularning mehnatlarini rag‘batlantirish maqsadida shu yil 28 noyabrda muhim hujjat - “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Ushbu qaror bilan respublika hududlari hunarmandlar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashtiriladi, hunarmandchilik mahsulotlarini chet el bozorlarida namoyish etish va sotishga ko‘maklashish uchun O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari hududlarga biriktirildi. Diplomatik vakolatxonalar esa o‘zlariga biriktirilgan hududlarda hunarmandlar mahsulotlarini namoyish etish va sotishga amaliy yordam ko‘rsatishi belgilandi.

Eng muhimi, xalq amaliy san’ati ustalarining Milliy katalogi tashkil etiladi va 2020 yil 1 yanvardan boshlab Milliy katalog ochiq va umum foydalaniladigan veb-sayt ko‘rinishida ishga tushiriladi. Milliy katalogga nufuzli xalqaro ko‘rgazma, ko‘rik-tanlovlarda g‘olib yoki laureat sifatida e’tirof etilgan, sohada san’at va fan arbobi hamda akademiklarning tavsiyasiga ega, “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoniga ega hunarmandlar kiritiladi.

Yana bir imkoniyat - Xalq banki, “Mikrokreditbank” va “Agrobank”  manbalar hisobidan “Hunarmand” uyushmasi a’zolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari, “Usta-shogird” maktablarini tashkil etish, uy-muzey va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish, aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan oshmagan holda 18 oy muddatga, bazaviy hisoblash miqdorining 250 baravaridan oshmagan miqdorda kreditlar ajratadigan bo‘ldi.

Ushbu qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatimizda amaliy ishlar boshlandi. Avvalo, qaror ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimining qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, ikki oy ichida viloyatimizdagi yirik savdo majmualari va dehqon bozorlari hududida alohida hunarmandlar rastalari tashkil etilib, ularga «Hunarmand» uyushmasiga a’zo xalq amaliy san’ati ustalarining mahsulotlari joylashtirib boriladi. 2020 yil yakuniga qadar esa tadbirkor, hunarmand va tashabbuskorlarni jalb qilgan holda Samarqand shahridagi Bibixonim tarixiy-me’moriy majmuasida milliy hunarmandchilikning barcha yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etadigan zamonaviy «Hunarmandlar bozori» tashkil etiladi.

Shuningdek, Prezidentimiz qarorda hunarmandlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida poytaxtimizdagi Suzuk ota majmuasi misolida ixtisoslashtirilgan hunarmandchilik majmualarini tashkil etish choralarini ko‘rish bo‘yicha vazifalar belgilab berdi. Bunday hunarmandchilik majmuasi vioyatimizda ham tashkil etiladi. Ta’kidlash lozimki, Suzuk ota majmuasining ikki tomonida hunarmandlar uchun har biri 4,5 sotixli o‘ttizta kottej barpo etilgan bo‘lib, hududda bu yerga kelganlarning dam olib, hordiq chiqarishi uchun ayvonlar qad ko‘targan. Prezidentimiz shu yil 10 may kuni majmuada bo‘lib, hunarmandlar uylarini, yog‘och o‘ymakorlik va xattotlik ustaxonalarini kirib ko‘rdi. Ikki qavatli bu xonadonlarning birinchi qavati ustaxona va do‘kon uchun ajratilgan. Bunday o‘ziga xos hunarmandchilik markazi endi viloyatimizda ham quriladi, shuningdek, viloyatimizdagi barcha tuman-shaharlar markazida xalq amaliy san’ati va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazma zallari va galereyalari tashkil etiladi.

Davlatimizda hunarmandchilik istiqboliga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor uyushmamizning har bir a’zosi zimmasiga katta mas’uliyat ham yukladi. Maqsadimiz milliy o‘zligimiz va asriy an’analarimizni o‘zida uyg‘unlashtirgan hunarmandchilik mahsulotlarini ko‘proq tayyorlash, bu mahsulotlarni Samarqandning tashrif qog‘ozi va turizm brendiga aylantirish va albatta «Ustoz-shogird» an’anasini izchil davom ettirib, yoshlarni hunar o‘rganishga keng jalb etishdan iborat.

Umid HAKIMOV,

«Hunarmand» uyushmasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i.