Hushtakni kim chaladi yoxud Abdulla Qahhorga javob
Til tabiatan osonlikka intiladi va bizga qanday gapirish qulay bo‘lsa, shunday gapiramiz. Inson uchun adabiy tildan ko‘ra o‘z shevasida gapirishning qulayligi shundan. Ammo bu erkinlik tilga nisbatan behurmatlik qilishga izn bermasligi kerak.
Milliy tilning mavjudligi va unga hurmat ko‘rsatish, umuman, bu hodisaning nima ekanligini tushunish kishiga yuksak ma’naviy qoniqish hissini beradiki, buni madaniyatliman degan kishi yaxshi anglaydi. Demak, madaniyat va milliy til bir-biridan uzoq tushunchalar emas ekan.
Insonning o‘z ona tiliga hurmati va shu tilni qay darajada bilishi uning madaniyatidan darak beradi. Madaniyatni tom ma’noda tushungan har qanday inson ona tilining sofligi, uning jahon tillari orasidagi martabasi, e’tirofi va tantanasi uchun o‘zini mas’ul hisoblaydi. Bunday insonlar qaysi tilda gaplashsa, o‘sha tilning sofligini saqlaydi. Ularning madaniyati tilga hurmat va undan qay tarzda foydalanishida namoyon bo‘ladi. Ammo bugungi kunda tilimizda anchayin avj olgan bir muammo bor. Bu ayrim kishilarning o‘zbekcha gapirib ruscha, ruscha gapirib o‘zbekcha so‘zlarni aralashtirishlari bilan bog‘liq. Ayrimlar buni kichik muammo deb o‘ylashlari mumkin. Ammo buning ortida milliy qiyofasizlik masalasi yotganini o‘ylab ko‘rganmisiz? Avvalo, bu hodisa har ikkala tilni ham buzishdan boshqa narsa emas. Aslida bunday “yamoqchilik”ka na Pushkin va Lermantovni sharaf arshiga ko‘targan rus tili, na Navoiy va Boburni hurmat va e’tirofning haddi a’losiga munosib ko‘rgan o‘zbek tili muhtoj emas. Bu ikkala til ham didi buzuq ba’zi mahmadonalar qo‘llayotgandek, birining “kuchi yetmay” qolganda, ikkinchisining “yordami”ga ehtiyoj sezmaydi. Ikkala til ham har qanday fikrni bayon qilish uchun yetarli so‘z zaxirasiga, o‘sha fikrni go‘zal va ta’sirli ifodalash uchun esa o‘z nafosatiga ega. Eng yomoni, o‘z fikrlarini go‘yoki “shiru shakar” qilib bayon etayotgan o‘sha kishilar bu ishlarini zamonaviylik, madaniyat deb tushunishlaridir. Bu noto‘g‘ri qarash, aslida, mohiyat e’tibori bilan ularning fikrlariga mutlaqo zid bo‘lib, madaniyat emas, madaniyatsizlik belgisidir.
Bir necha xorijiy tillarni bilish zamonaviy dunyoda qanchalik ahamiyatli ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz. Bugungi kunda yoshlarning xorijiy tillarda biyron gaplashishlarini ko‘rib ularga havas qilamiz. Ammo bir necha tillarni bilish insonga fikrni ifodalashda o‘sha tillardan qorishtirib foydalanish huquqini bermaydi. O‘zini, millatini, tilini va shu bilan bir qatorda o‘zga tillarni hurmat qilgan kishi bu kabi nomaqbul ishni o‘ziga ep ko‘rmaydi.
Ikki tilni qorishtirib gaplashishning ijtimoiy oqibatlari tilning tabiatiga xos quyidagi hodisalar bilan bog‘liq. Birinchidan, til ong va tafakkur bilan chambarchas bog‘liq. Bu ikki tushuncha bir-birini taqozo etadi va biri ikkinchisisiz mavjud bo‘la olmaydi. Tafakkur jarayoni ongimizda til elementlari ko‘rinishida kechadi. So‘z va boshqa til unsurlari tushuncha sifatida ongda tafakkur yuritish vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Bu jarayon til unsurlarisiz amalga oshmaydi. Ammo o‘sha tafakkur yuritish jarayoni qaysi tilda amalga oshiriladi? Mutaxassislar tafakkur yuritish jarayoni kishining ona tilida amalga oshiriladi, deb ta’kidlaydilar. Ammo, bizningcha, bu fikr biroz shubhali. Sababi, insonning ona tili unga irsiy yo‘l bilan o‘tmaydi. Til ijtimoiy hodisa sifatida hayot davomida o‘zlashtiriladigan jarayondir. Shunday ekan, insonning qaysi tilda tili chiqsa, u yoshligidan qaysi tilni o‘zlashtirsa, uning uchun qaysi tilda muloqot qilish oson bo‘lsa, o‘sha tilda fikrlaydi, deyish to‘g‘riroq bo‘ladi.
Ikkinchidan, tildan qanchalik ko‘p foydalanilsa, uning imkoniyatlari yanada oshib, sayqal topib, rivojlanib boraveradi. Eskirish tushunchasi tilga nisbatan teskari ishlaydi. Ya’ni, undan qanchalik ko‘p foydalanilsa, u boyib, yangilanib boradi, aksincha, undan foydalanilmasa, u eskirib, yo‘qolib boraveradi. Yer kurasida 6000 ga yaqin til mavjud bo‘lib, shulardan 1400 tasi yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Bu tillarning yo‘qolib ketishiga shu til egalarining o‘zga tillarni o‘z tilidan ustun qo‘yishi, o‘z ona tillarini mensimaganliklari, uning sofligi va taraqqiy etishi uchun kurashmaganliklari sabab bo‘lmoqda.
Uchinchidan, til doimiy ravishda o‘zgarib turadigan ijtimoiy hodisadir. Bu o‘zgarishlar ijobiy yoki salbiy bo‘lishi mumkin. Tildagi ifoda imkoniyatlarining oshishi, leksik sathining kengayishi va adabiy til imkoniyatlarining mustahkamlanishi ijobiy holat sifatida shu til egalarining sa’y-harakatlariga bog‘liq. Til sofligining buzilishi, vulgarizm va varvarizmning faollashuvi, adabiy til mavqeining pasayishi kabilar salbiy jihatlar bo‘lib, bu ham shu til egalarining mas’uliyatsizligi natijasida sodir bo‘ladi. Bunga kuchli tillarning kuchsiz tillarni istilo qilishi bilan bog‘liq tabiiy jarayonni ham qo‘shsak bo‘ladi. Yo‘qolib ketishga mahkum bo‘lgan til egalari mana shu jarayonlarni to‘g‘ri anglamaganliklari va unga qarshi choralar ko‘rmaganliklari ulardagi milliy tillarning mahv bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Demak, tilning doimiy mavjud bo‘lishi va rivojlanishi uchun u doimo faollik bilan amalda qo‘llanilishi, boshqa tillarning unga salbiy ta’sirlarini bartaraf etish kerak bo‘ladi.
Tildagi har qanday jarayon, xoh u salbiy, xoh ijobiy bo‘lsin, asta-sekinlik bilan o‘zining ijtimoiy oqibatlarini namoyon qiladi. Xuddi shuningdek, o‘zbek va rus tillarini qorishtirib gaplashish bilan bog‘liq bir qaraganda unchalik jiddiy ko‘rinmagan muammo asta-sekinlik bilan ona tilimiz mavqeining pasayishi, geografiyasining torayishi, so‘zlashuvchilar sonining kamayishi, millatdoshlarimizda tilimizning nafosati va go‘zalligini his etmaslik bilan bog‘liq yangi ijtimoiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Eng achinarlisi, millatdoshlarimiz orasida o‘zga tilda tafakkur yuritadigan kishilarning ko‘payishiga olib keladi. Ularning o‘zga tilda tafakkur yuritishi esa milliy fojiadir. Inson tafakkur tarzining o‘zga tilda amalga oshishi bu milliy qiyofaning yo‘qolishi sari qo‘yilgan mudhish qadam hisoblanadi.
***
Abdulla Qahhor bir paytlar o‘zbek tili bilan bog‘liq muammolar haqida gapirar ekan “Haydovchi qoidani buzsa, militsiya xodimi hushtak chalib jarimaga tortadi, lekin tilimizni buzib gapirayotganlarga nega jarima yo‘q? Ularga hushtakni kim chaladi?” deb yozgan edi. Sevimli yozuvchimiz agar hayot bo‘lganlarida, men shunday javob bergan bo‘lardim: “Ustoz, o‘zbek tiliga davlat maqomi berilib, tilimizning huquqiy maqomi mustahkamlandi, ammo qoidabuzarlarga hamon hushtakni kim chalishi masalasi kun tartibidan tushgan emas. Hushtakni biz o‘zimiz chalmasak, yana ham to‘g‘rirog‘i, millat oldidagi mas’uliyatimiz, madaniyatimiz va vijdonimiz chalmasa, uni birov kelib chalmaydi. Chunki hushtak o‘zgalarning emas, o‘zimizning qo‘limizda”.
Umid XO‘JAMQULOV,
filologiya fanlari nomzodi.