Ibratli voqea: Metrodagi bolakay

Ertalab ishga ketayotgan edim. Metroda bir bolakayga ko‘zim tushdi. Boshini kitobdan ko‘tarmay ketdi ancha joygacha.

Chidab turolmadim. Yonida joy bo‘sh ekan. O‘tirib savolga tutdim. Vaqtni qizg‘anib, javob berdi.

- Qanaqa kitob o‘qiyapsan?

- Maktabdan bergan uyga vazifamni qilyapman.

- Nega uyda qilmading?

- Uyda ham qildim. Bu yerda ham qilaman. Men ko‘p kitob o‘qishim kerak.

- Nimaga?

- Otam bilan onam ajrashgan. Onam meni juda ham qiynalib katta qilyapti. Men hozir zo‘r o‘qisam kelajakda o‘zimning kompaniyamni ochib, onamlarni boshliq qilib tayinlayman. O‘zimizning uyimiz bo‘ladi...

Ko‘zimga yosh keldi. Noto‘g‘ri savol berib qo‘yganimdan xijolat bo‘ldim Chalg‘itmoqchi bo‘lib, gapni boshqa tomonga burdim:

- Dars qilishni yaxshi ko‘rasanmi?

- Ha, juda ham. Onam aytganlar menga, dars qilsam, yaxshi odam bo‘lsam, odamlarga yordam bersam, davlatga ziyonim tegmasa Tengokuga tusharkanman.

- Tengoku nima?

- Tengokuni bilmaysizmi? Tengoku degani odam o‘lgandan keyin boradigan joy. Yaxshi odamlar Tengokuga tushadi. Yomon odamlar Jigokuga.

Bu gaplarini eshitib, jannat va do‘zax haqida gapirayotganini fahmladim. Yana savolga tutdim:

- Jigokuga qanday odamlar tushadi?

- Davlatdan aldab pul undirganlar, masalan, o‘qimay, ishlamay, pulim yo‘q, pul beringlar, deb faqat davlatdan pul undiradiganlar tushadi. Yomon odamlar tushadi. Bo‘ldi, men keyingi bekatda tushaman.

Bola tushib ketdi. Qarasam, ancha bekat o‘tib ketibman. Kun bo‘yi bola bilan bo‘lgan suhbat haqida o‘yladim. Hali boshlang‘ich sinfda o‘qiydigan bolaning fikrlashi-yu, aqlliligiga tasanno aytdim. Farzand tarbiyasiga qoyil qoldim.

Tengoku, Jigoku. Bu yaponcha gaplar. Yaponiya davlatining ancha-buncha davlatlardan ildamlab ketganining sababini tushungandek bo‘ldim. O‘qimasa, hech kim bo‘lolmasligini, oddiy ishda ishlab o‘tib ketishini, kelajakda katta kompaniyani yuritaman, deb bolaligidan qattiq harakat qilgan bolalarni "kashf qilgan"ligini angladim.

Qarang, yaponiyaliklar farzandlariga jannat va do‘zax haqida aytib, shu yo‘l bilan tarbiyalab katta qilishar ekan. Biz esa... jannatu do‘zaxni unutganmiz. Bizni ko‘ring-u, yaponlarni ko‘ring...

Bahodir Iskandarov.