Ibratli voqea: "Ko‘mir o‘g‘risi"

Bola edik. Biz ko‘chib kelgan qishloq qo‘riq yerda barpo qilingan, hali qo‘rg‘onlar yo‘q, uylar devor urib to‘silmagan edi. O‘sha yili qish qattiq keldi, yaydoq hovlimiz chetiga bir mashina ko‘mir to‘ktirdik. Bir ko‘mirki, havasga yoqasiz. Dona-dona, lovullab yongani bilan cho‘g‘i sahargacha buzilmay turadi.

Olapar laqabli juda hushyor itimiz bo‘lib, odamni tishlamas, ammo hovliga begona kirsa, akillab dunyoni buzardi. Bir kuni oqshomda qattiq hurdi, akam tashqariga chiqib ketdi. Birozdan keyin qovog‘i uyulib kirib keldi. Nima gapligini so‘ragan onamga:

– Qo‘shnimiz Hayit xola ekan, – dedi. – Qo‘lida eski qop, tovug‘imni izlab chiqdim, deydi. Tunov kuni ham ko‘rib qoluvdim, shunaqa bahona qildi.

Dadam bilan onam bir-biriga ma’noli qarab qo‘yishdi.

– Bilaman, ko‘mir o‘g‘irlagani chiqqan,– dedim men dadillashib. Chunki uyumning qo‘shni tomoni har kuni o‘yilib qolayotganini anchadan beri sezib yurardik.

– O‘zingdan kattaga bilib-bilmay malomat qilma, – po‘pisa qildi onam.

– Rost aytyapti, – gapga qo‘shildi opam. – Ularnikida umuman ko‘mir yo‘q, shuning uchun ham...

Dadam vazmin tomoq qirdi, hammamiz unga yuzlandik.

– Ularda ko‘mir yo‘q, degin. Unda yaxshilab eshitvolinglar. Bugundan boshlab kechasi itni bo‘shatmaymiz. Kim qo‘shnining kirganini payqab qolsa, tezda bildirmay iziga qaytsin. To oladiganini olib ketmaguncha chiqmay turinglar, izza bo‘lmasin.

Onam indamay bosh irg‘ab tasdiqladi. Bizning hayronligimiz yuzimizda zohir edi shekilli, dadam qo‘shimcha qildi:

– Qo‘shning sovuqda diydirab o‘tirsa, senga issiq uy tatiydimi? Qo‘li yupqalik qilgandirki, ko‘mir ololmagan. Muhtojlik yomon... Nevaralari mayda, yordam berish kerak.

Shu-shu Hayit xolaning kirib-chiqishlariga ko‘z yumib yuraverdik. Onam ora-sira hech narsani bilmaydiganday, ularnikiga paqirni to‘ldirib ko‘mir opchiqadigan bo‘ldi.

Qishdan hamma omon chiqdi. Ko‘mir hammaga yetdi.

O‘shandan beri qancha suvlar oqib o‘tdi. O‘sha odamlar endi yo‘q. Hayit xolaning “mayda” nevaralari allaqachon shaharda katta odam bo‘lib ketishgan. Lekin, qachon yo‘llari tushsa, ota uyimizni bir yo‘qlab o‘tishadi. Buvilari vasiyat qilgan ekan.

Gulchehra Arslonova.