Ichimlik suvi tarmog‘idagi eng asosiy muammo ma’lum qilindi

Mutasaddilarga ko‘ra, Samarqanddagi suv ta’minoti bilan bog‘liq eng asosiy muammolardan biri bu eskirgan suv tarmoqlaridir. Chunki bir vaqtning o‘zida barcha iste’molchiga yetarli miqdorda suv yetkazish uchun bosim ko‘tarilganda vaqti vaqti bilan avariyalar yuzaga kelib, quvurlar yorilib ketadi.

Bu haqda “Samarqand suv ta’minoti” MChJ mutaxassilari ishtirokidagi anjumanda ma’lum qilindi.

Tashkilot bosh muhandis vazifasini bajaruvichisi Tolib Siddiqovning ma’lum qilishicha, so‘nggi bir necha yilda Samarqanddagi ichimlik suv tarmoqlarining asosiy qismi yangidan qurilgan. Ammo hali ham 28 foiz quvurlar 1930-1970 yillar oralig‘ida qurilgan tarmoqlardir. Buning natijasida barcha iste’molchilar, masalan, ko‘p qavatli uylarning 9-qavatigacha yetib borishi mumkin bo‘lgan darajada bosim berilganda quvurlar yorilib ketadi.

Yaqinda avariya tufayli Samarqand shahridagi yirik suv inshootidagi nosozlikni bartaraf etish uchun to‘rt kun sarflangan va shahardagi qator hududlar vaqtincha suv ta’minotisiz qolgandi. Ma’lum qilinishicha, mazkur avariya ham aynan tarmoqning eskirgani va yuqori bosim tufayli sodir bo‘lgan. Hozirda mazkur yirik quvur yangilangan. Shuningdek, eng ko‘p avariya yuz beradigan Sartepa hududidagi tarmoqlarning ham 80 foizi yangilangani ma’lum qilindi. 

Shuningdek, tadbirda yana bir qator masalalar, xususan, aqlli suv hisoblagichlar o‘rnatish borasida ma’lumot berildi. Aytilishicha, Samarqandda barcha iste’molchilarga aqlli suv hisoblagichlar o‘rnatish ishlari 2023 yildan boshlanishi ko‘zda tutilgan.