IIB xodimiga 5 ming AQSh dollarini pora tariqasida bermoqchi bo‘lgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

30 iyul kuni viloyat IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan Toyloq tumani markazida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida 1990 yilda tug‘ilgan, Samarqand shahar “Imom Vose” mahallasida yashovchi X.D. chet davlatga ketishi va aviachipta olishi uchun kerak bo‘ladigan “COVID-19” virusi mavjud emasligi to‘g‘risidagi test tahlilini soxtalashtirgan holda 180 ming so‘mga sotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borish jarayonida fuqaro X.D. ning ukasi holatni rasmiylashtirmaslik va ishni ijobiy tomonga hal qilib berish evaziga tezkor xodimga 5 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora sifatida taklif qilgan.

Xodim IIB xodimiga pul taklif qilish, Jinoyat kodeksining 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lishi to‘g‘risida ogohlantirishiga qaramay, fuqaro keyin kelib uchrashishini aytib chiqib ketgan. Xodim holat yuzasidan boshqarma boshlig‘iga bildirgi bilan murojaat qilgan.

Bildirgiga asosan 31 iyul kuni IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi viloyat bo‘limi hamda Samarqand shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, fuqaro I.X. tezkor xodimga 5 ming AQSh dollarini pora tariqasida bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat bo‘yicha Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.