Ijtimoiy masofa: Sinflarda o‘quvchilar sonini qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi
Butun dunyoda koronavirus pandemiyasining tarqalishi endilikda insonlar o‘rtasida o‘zaro ijtimoiy masofa tushunchasi muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatmoqda. Bu haqda Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev 30 aprel kuni joriy o‘quv yilini sifatli yakunlash, bitiruv va kirish imtihonlarini tashkil etish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham alohida to‘xtalib o‘tgan edi. Prezidentimiz o‘z nutqida karantin tufayli ijtimoiy masofa tushunchasi hayotimizdan muhim o‘rin egallaganligi, shundan kelib chiqib, ta’lim muassasalarida, ayniqsa, maktablarda, me’yorlarni qayta ko‘rib chiqish zaruriyatini ta’kidlagandi.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, Respublikamiz maktablarida bitta sinfda o‘quvchilar soni 35 nafardan oshmasligi belgilangan. Ammo ayrim maktablarda o‘quvchilar soni 40-45 nafargacha yetayotganligi hech kimga sir emas. Ota-onalarning aynan shu maktabda yaxshi o‘qituvchilar bor va yaxshi ta’lim beriladi, degan fikrlari ayrim maktablarda o‘quvchilar sonining me’yoridan oshib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, sifatli ta’lim uchun sinfda o‘quvchilar soni aslida qancha bo‘lishi kerak? Bu haqda mutaxassislarning fikri qanday? Dunyoda ta’lim tizimi rivojlangan deya e’tirof etiladigan davlatlarda bitta sinfda qancha o‘quvchi o‘qiydi? Sinflarda o‘quvchilar sonining qisqartirilishi ta’lim sifatiga qanchalik ijobiy ta’sir o‘tkazadi?
Psixologlarning fikriga ko‘ra, kishi bir vaqtning o‘zida maksimum 7 ta ob’yektni qamrab olishi mumkin ekan. Bu degani, o‘qituvchi bir paytning o‘zida 7 nafar bolaga chin ma’noda e’tibor qarata oladi. Shu sababdan ular sinflarda o‘quvchilar soni uzog‘i bilan 25 nafardan oshmasligi kerakligini aytishadi.
Internet orqali Finlyandiya, AQSh, Kanada, Singapur kabi bir nechta ta’lim tizimi rivojlangan davlatlarning maktab ta’limi haqida ma’lumot to‘pladim, maktablardagi o‘quv jarayoni haqida videoroliklarni ko‘rib chiqdim. Jahon ta’lim tizimi reytingida yetakchi o‘rinlarda turadigan Finlyandiya maktablarida 25 nafar o‘quvchiga fanni ikkita o‘qituvchi bo‘lib o‘tar ekan. Bu yerdagi davlat maktablarida hattoki, har bir o‘quvchi uchun individual ta’lim va rivojlanish rejasi tuziladi. AQSh va Kanada maktablarida ham bitta sinfda o‘quvchilar soni o‘rtacha 15-20 nafarni tashkil qiladi. Ta’lim tizimi dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etiladigan Singapur maktablarida ham bir sinfda o‘rtacha 20 nafar o‘quvchi tahsil olar ekan. Bizda esa ayrim maktablarda bitta sinfda 40 talab o‘quvchi tahsil olmoqda.
Ayrim maktablarda o‘quvchilar soni sinfda o‘quv jarayoni sifatining keskin pasayishiga olib keladigan darajada oshib ketganligi 2019 yilning 29 aprel kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida ham keltirib o‘tilgan edi. Shuningdek, konsepsiyada bu borada o‘qitish metodikasini takomillashtirish, ta’lim-tarbiya jarayoniga individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich tatbiq etish belgilandi.
Sinflarda o‘quvchilar soni qisqartirilishi kelgusida o‘qitish samaradorligini oshiradi. Shuningdek, o‘qituvchilar iqtidorli, iste’dodli hamda ayrim fanlarni o‘zlashtirishi qiyin bo‘lgan o‘quvchilar bilan individual ishlash darajasini ko‘taradi.
Shahzod AHMEDOV,
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti o‘qituvchisi, xalq deputatlari Bulung‘ur tumani Kengashi deputati.