Ikki do‘st va birodar davlat
Eron bilan hamkorlik munosabatlarida katta sakrash va burilish kutilmoqda
So‘nggi ikki yil ichida O‘zbekiston va Eron Islom Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalar va turli yo‘nalishlarda rivojlanib bormoqda.
Yaqin kunlarda Samarqandda “O‘zbekiston-Eron do‘stlik jamiyati”ning ishi faollashtirilgani bunga yana bir misol bo‘ldi. Qolaversa, joriy yil oxirigacha Toshkent, Buxoro va Xiva shaharlari qatori ko‘hna kentda ham Eron Islom Respublikasi madaniyat haftaligi tantanali va o‘ziga xos bir tarzda o‘tkazilishi mo‘ljallanmoqda.
O‘z navbatida, savdo iqtisodiy munosabatlarda ham ijobiy yaqin hamkorlik aloqalari kuzatilmoqda. Misol uchun, bugungi kunda viloyatimizda Eron Islom Respublikasi kompaniyalarining kapitali ishtirokida 38 ta, shundan 23 ta qo‘shma va 15 ta xorijiy korxona faoliyat yuritib kelmoqda.
Jumladan, Samarqand tumanida “ZARAFSHON NASLLI PARRANDA INVEST” MChJ parrandachilik yo‘nalishida, Urgut tumanida “BAXT POLIMER” MChJ plastmassa mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda.
- O‘tgan yilning oxirida Eron davlatining “Pars” korxonasi bilan hamkorlikda tovuq yetishtirish va parvarishlashni yo‘lga qo‘ydik, - deydi “ZARAFSHON NASLLI PARRANDA INVEST” MChJ rahbari Suhrob Fattoyev. - Mavjud 6 ta sexda 50 mingta tovuqdan oyiga 1 milliondan ziyod jo‘ja chiqardik. Qishloq xo‘jaligi sohasiga oid texnologiyalar tayyorlovchi eronlik hamkorlarimiz bilan kelishuv bo‘yicha yana yangi texnologiyalarni keltirib o‘rnatyapmiz. Negaki, endi mahalliy bozor bilan cheklanib qolmasdan, eksport operatsiyalarini ham amalga oshirishni niyat qilganmiz.
Viloyat hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 8 oyi mobaynida Eron davlatidan 1,23 million dollar xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilgan. Birgina ushbu raqamning o‘zi tomonlar o‘rtasidagi tashqi iqtisodiy aloqalar kun sayin rivojlanib borayotganini ko‘rsatib turibdi.
Xususan, viloyatimiz hamda Eron davlati o‘rtasida tovar aylanmasi 2020 yilda 19,3 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 41,9 million dollarga yetgan.
- Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar kun sayin rivojlanib bormoqda, - deydi viloyat bojxona boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Hamid Kamolov. - Ko‘rilgan sa’y-harakatlar natijasida 2022 yilning yanvar-avgust oylari davomida Eron davlati bilan tovar aylanmasi salkam 33,4 million dollarni tashkil etib, shundan 23,3 million dollar import hamda 10,3 million dollar eksport amalga oshirildi. Eron davlatiga eksport asosan meva-sabzavot, to‘qimachilik va boshqa turdagi mahsulotlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Plastmassa va undan tayyorlangan buyumlar, plyonka, metal, tosh, gips va sementdan yasalgan qurilish materiallari, texnologik asbob-uskunalar va albatta, meva-sabzavot mahsulotlari import tovarlarning asosiy qismini tashkil qilmoqda.
Biroq tahlilchilarga ko‘ra, mavjud hajm ikki xalq o‘rtasidagi qardoshlik rishtalari va iqtisodiy potensialga mos emas. Shu bois ikki mamlakatning yillik savdo ayirboshlash hajmini yanada oshirish choralari ko‘rilyapti.
Eron Islom Respublikasi Prezidentining yurtimizga rasmiy tashrif buyurishi va Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari sammitida qatnashishi ham bu borada muhim ahamiyat kasb etishi, shubhasiz. Eronning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi qayd etishicha, bu ikki davlat Prezidentlarining yigirma yillik tanaffusdan keyingi rasmiy tashrif doirasida ikki tomonlama uchrashuvi bo‘ladi. Ushbu uchrashuv yakunlari bo‘yicha turli sohalarga oid muhim hujjatlarning imzolanishi Eron Islom Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi har tomonlama munosabatlarda katta sakrash va burilish nuqtasi yasashi kutilmoqda.
Yo.GADOYeV.