Iltimos o‘rinli, talab adolatli bo‘lsin

Qo‘shrabot tumanida o‘tkazilayotgan sayyor qabullar “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilning yorqin namunasi bo‘lmoqda. Xalq qabulxonasi, tuman hokimi va sektor rahbarlari ishtirokida o‘tkazilayotgan mahallabay sayyor qabullarda fuqarolarni qiynab kelayotgan turli muammolar joyida hal etilmoqda. Bu esa aholining turmush tarzi yaxshilanishi va odamlarning kayfiyati ko‘tarilishiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bunday qabullarga odamlar o‘z muammolarini hal etish uchun kelishadi. Chunki, har bir inson haq-huquqlarini talab qilishga, qiyin vaziyatga tushib qolgan paytlar jamiyatdan ko‘mak olishga, najot so‘rashga haqli.

Yaqinda Qo‘shrabot tuman hokimi Dilshod Shakarboyevning Boyto‘p fuqarolar yig‘inida o‘tkazgan navbatdagi sayyor qabulidan ko‘pchilik qoniqish bilan qaytdi, desam xato emas. Faqat bir-ikki murojaatchini hisobga olmaganda hammaning muammosi o‘z yechimini topdi.

Xo‘sh, o‘sha bir-ikki murojaatchi kim? Jomanto‘p qishlog‘ida yashovchi fuqaro turmush o‘rtog‘ini maktab ma’muriyati ikki yildan buyon farroshlikka qabul qilmayotganidan shikoyat qildi. Hokim maktab direktorini chaqirib so‘radi:

- Nega bu kishining turmush o‘rtog‘ini ishga qabul qilmayapsan?

Javob esa qisqa va lo‘nda bo‘ldi:

- Bo‘sh o‘rin yo‘q, ishlab turgan xodimlarni esa bo‘shatish mumkin emas...

Darhaqiqat, bu o‘rinda murojaatchi haq emas. Axir maktab direktorida farrosh uchun yangi ish o‘rni yaratish vakolati yo‘q. Ishlab turgan xodimni sababsiz ishdan bo‘shatish esa adolatsizlik. Shu bois murojaatchiga turmush o‘rtog‘ining kasb egallashi zarurligi, Bandlikka ko‘maklashuvchi markaz huzurida ayollarbop kasblar, xususan, tikuvchilik, bichuvchilik, sartaroshlik, dizaynerlik singari hunarlarni o‘rgatish maktablari borligi tushuntirildi va tegishli soha vakillariga murojaatchiga bu borada yo‘l-yo‘riq hamda yordam ko‘rsatish vazifasi topshirildi.

Murojaatchilar orasida o‘zining yoki bir guruh fuqarolarning manfaatini omma manfaatlaridan ustun qo‘yishga intilishlar ham kuzatildi. Masalan, Boyto‘p qishlog‘ida yashovchi fuqaro o‘zi yashab turgan hovli yonidan o‘tuvchi respublika miqyosdagi “Marjonbuloq–Zarmitan” avtoyo‘liga sun’iy notekislik o‘rnatish talabini ilgari surdi. U o‘z fikrini bu yerda avtomashinalar katta tezlikda yurishi, tez-tez yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lib turishi, maktab o‘quvchilari uchun xavf-xatar mavjudligi bilan dastakladi. Bir qarashda to‘g‘ri talab – “uchar” haydovchilarning payini qirqish, bolalar xavfsizligi uchun jonkuyarlikka o‘xshaydi. Lekin “tanganing orqa tomoni”da minglab haydovchilarning manfaati turibdi. Soliq to‘lovchilar ham shular, ular yo‘llar tekis bo‘lishini, qimmatbaho texnikasi urilmasdan-surilmasdan yurishini xohlaydi. Notekis yo‘llar behisob iqtisodiy zarar keltiradi, texnikaning umrini qisqartiradi, yonilg‘i sarfini oshiradi. Qishloq yo‘llari shundoq ham abgor. Uning tekis joylarini sun’iy ravishda notekislikka aylantirsak, insofsizlik emasmi?

Xususan, “Marjonbuloq–Zarmitan” yo‘lining Boyto‘p mahallasidan o‘tuvchi bir chaqirim qismida hozir to‘rtta sun’iy notekislik yaratilgan. Har birining balandligi bir qarichdan kam emas. Axir yo‘llarni tekis-ravon qilish uchun millardlab mablag‘ sarflaymiz.

Ravon yo‘llarda sun’iy notekisliklar yaratishning o‘rniga yo‘l harakati xavfsizligi ko‘proq targ‘ib qilinsa, tegishli joylarga belgilar o‘rnatilsa, haydochilarni hushyorlikka undovchi panno va shiorlar, radarlar o‘rnatilsa, maqsadga muvofiq.

Norbobo ShAKAROV,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.