Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz ichki ishlar organlari xodimlarining Andijondagi qilmishlarini qat’iy qoralab chiqdi
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi joriy yilning 30 may kuni Andijon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan, ish yurituvidagi ariza yuzasidan ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan fuqaro A.Abdukarimov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgani va vrachlar tomonidan ko‘zdan kechirish davomida uning badanida og‘ir tan jarohatlari mavjudligi aniqlangani, unga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan, 11 iyun kuni vafot etgani bilan bog‘liq holatni qat’iy qoralaydi.
Ta’kidlanishicha, ushbu fojiali holat haqida OAV va internetda xabar tarqalgani zahoti Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi bosh prokuror N.Yo‘ldoshevga va ichki ishlar vaziri P.Bobojonovga rasmiy xat bilan murojaat qilgan.
"Marhumning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiramiz. Mas’ul vazirlik va tashkilotlardan kelajakda jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilishini talab qilamiz.
Bu qayg‘uli holat avvalo navqiron bir insonning umriga zomin bo‘lgani va marhumning oila a’zolarini cheksiz motamu ayriliq g‘amiga duchor etgani bilan har birimizni aslo befarq qoldirmaydi. Biz adolat to‘liq qaror topishini, bunday fojialar boshqa takrorlanmasligini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz", deyiladi xabarda.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi tomonidan Andijon shahrida sodir bo‘lgan mazkur holat qat’iy nazoratga olingan.