“Inson qadri uchun!”: navbatdagi manzil – Zarband qishlog‘i
Samarqandning olis qishloqlarida “Inson qadri uchun!” shiori ostida o‘tkazilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlarning navbatdagisi Ishtixon tumanining Zarband mahallasida tashkil etildi.
Tadbir ayni paytda yurtimizda davom etayotgan “Yashil makon” loyihasi doirasida mahalla hududida daraxt ko‘chatlari ekish bilan boshlandi. Tuman hokimi Sh.Negmatov, viloyat hokimining o‘rinbosari va boshqa mas’ullar, mahalla ahli ming tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazdi.
Mahalla markazida yangi ayollar hamda erkaklar sartaroshxonalari foydalanishga topshirildi. “Zarband” oilaviy shifokorlik punktida hudud aholisi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Shundan so‘ng tadbirlar 88-umumiy o‘rta ta’lim maktabida davom etdi. Bu yerda ta’lim muassasalari va maktabdan tashqari to‘garaklar a’zolarining ko‘rgazmalari, sport musoqabalari, teatr va sirk tomoshalari namoyish qilindi. Poytaxtdan kelgan va samarqandlik yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi. Harbiy texnikalar ko‘rgazmasi, Milliy gvardiya xodimlari va harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari uyushtirildi.
– Men ham shu qishloqda tug‘ilib, o‘sganman. Zarbandning musaffo havosidan bahramand bo‘lib, bag‘rikeng, samimiy qishloqdoshlarimning, ustozlarimning ta’lim-tarbiyasini olib, bugun poytaxtda ijod qilyapman, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Orif To‘xtash. – Hayotda, jamiyatda o‘z o‘rnimni topish, ozmi-ko‘pmi muvaffaqiyatlarga erishishda ota-onam bilan birga qishloqdoshlarimning o‘rni katta deb o‘ylayman. Bugun Zarbandga katta ma’naviy tadbirning mehmoni bo‘lib kelganimdan juda hayajondaman.
Samarqand viloyati musiqali drama teatrining “Tazarru”spektakli zarbandliklar va mehmonlarga manzur bo‘ldi.
Tadbirlar doirasida mahalla ahli uchun el suygan san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi ham namoyish etildi.