Inson yanada uzoq yil yashay oladimi?
Nanorobotlar bu savolga “Ha”, deb javob beradi.
Kimdir sizga abadiy yashashni va’da qilsa, bunga ehtiyot bo‘lib qarash kerak. Gapni uzoqdan boshlaymiz. Hali 1927 yilda sovet akademigi Aleksandr Bogomoletsning ana shunday va’dasi puch bo‘lib chiqdi. U sovet kishisi abadiy yashashi mumkinligini e’lon qildi va shaxsan Stalinga birinchi bo‘lib 160 yil umr ko‘rishini aytdi…
Akademikning obro‘si oshib ketdi. Darhol unga ishlashi va shohona yashashi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilib berildi. Ammo kutilmaganda shuhratga, pulga cho‘lg‘angangan karomatgo‘y 1946 yilda narigi dunyoga ravona bo‘ldi. Stalin esa “Ana, xolos, muttaham hammani laqillatib, o‘zi o‘lib qo‘ya qoldi”, deb achchiqlanib qolaverdi.
Endi abadiy yashash g‘oyasini yangi talqiniga quloq tuting. Amerikalik futurolog va ixtirochi Raymond Kureytsvel odamzod 2030 yildan keyin o‘z umrini har yili kamida bir yilgacha uzaytirib borishi mumkinligini va’da qilmoqda.
Xo‘sh, qanday qilib? Va’da ehtiyotkorona va allaqanday ilohiy taxminga emas, real ilmiy texnika taraqqiyotiga asoslangan. Xususan, Kurtsveylning ta’kidlashicha, inson organizmi nanorobotlar yordamida muntazam tiklanib boriladi.
Mikroskopik robotlar sun’iy intellekt boshqaruvi asosida qonimizga qo‘shiladi. Ularning vazifasi organlar muammolarini aniqlash va darhol bartaraf etishdan iborat. Ma’lumki, har qanday jiddiy kasallikni darrov aniqlashning iloji yo‘q. Ko‘pincha ular juda kech belgi beradi. Qaysi birimiz muddatida tekshiruvdan o‘tib turamiz, deysiz? Nanorobotlar esa qonimizda organizmni doimiy nazorat qiladi. Sodda qilib aytganda, biz har doim tekshiruvda bo‘lamiz va salgina o‘zgarish bo‘lsa, nanorobotlar shu zahoti davolab tiklaydi.
Nanorobotlarning doimiy tibbiy nazorati natijasida organlarimiz xizmat muddati sezilarli uzayadi, bu umrimizga kamida o‘n yil qo‘shadi, deydi tadqiqotchilar. Bu hali hammasi emas. Ertami-kechmi organlar baribir ishdan chiqadi. Olimlarni taxminicha, ularning laboratoriyada yetishtirilgan organlar yoki sun’iylari bilan almashtirish uzoq umrni ta’minlaydi. Boshqacha aytganda, aql-zakovat, organizm hayot faoliyati to‘liq sun’iy tanaga ko‘chadi. Afsuski, bu tez orada sodir bo‘lmaydi. Negaki, inson umri sezilarli uzayishi bilan nafaqaga chiqish muddatini belgilash chigallashadi.
T.Shomurodov tayyorladi.