Insonning eng yaxshi tabibi –  uning tanasi

Inson tanasi shunday tuzilgan ekanki, u har daqiqa, hatto bizning aralashuvimizsiz ham o‘zini o‘zi parvarishlash ustida ish olib boradi, davolanishga intiladi. Biz faqat xalaqit bermaslik orqali unga yordam berishimiz mumkin.

Inson salomatligi faqatgina qon tahlili natijasi yoki bosim ko‘rsatkichlariga bog‘liq emas. Bu kimyoviy jarayonlarning xususiyatini aniqlab beradigan indikatorlar zamonaviy tibbiyotda yaratilgan. Salomatlik avvalo, bu bizning turmush tarzimizdir. Turmushdagi o‘zgarishlar esa faqat tuz iste’mol qilish yoki kuniga 2 litr suv ichish bilangina emas, sog‘lig‘imizni saqlash to‘g‘risidagi tushunchalarga ega bo‘lishimiz bilan bog‘liq.

Salomatlik  - bu tundagi sog‘lom uyqu, tanada og‘riq sezmaslik, ishtaha bilan ovqatlanish, yaxshi xotiraga ega bo‘lish va siz uchun muhim bo‘lgan narsalarga erishish qobiliyati. Salomatlik – bu oilangiz bilan o‘tkazadigan vaqt, toza havodan nafas olish quvonchi, kelajakdan qo‘rqmaslik va kundalik stresslarga qarshi tura olish qobiliyati. Tanangizga munosabatingiz va a’zolaringiz soat kabi ishlayotganini baxtiyorlik bilan sezish tuyg‘usi. Bu – harakatlanish, hayotdan zavqlana olish hisi.

Zamonaviy meditsina ko‘pgina kasalliklarni davolasa-da, bu kabi masalalarni hal qilmaydi. Agar siz uyqusizlikdan aziyat cheksangiz, sizga farmatsevtik kimyoviy dori yozib berishadi. U dori sizni gangitib, sulaytirib qo‘yadi, yaxshi uxlab, vaziyatdan maqbul chiqdim, deb hisoblaysiz. Bunaqa uyqudan so‘ng o‘zingizni dam olgan va kuchga to‘lgan his qilasizmi? Bunisi esa hech kimni qiziqtirmaydi. O‘zingiz uchun “salomatlik” tushunchasini aniqlashga harakat qiling.

Endi tanada shifo beradigan kuchimizni qanday qilib yoqishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

Bolaligingizda bo‘lgan biror voqeani eslang. Tez yugurib, to‘satdan yiqildingiz... Tizzalaringiz yirtilgach yig‘layapsiz yoki ko‘z yoshlaringizni ushlab turishga harakat qilasiz. Tezkor “uchish”ning oqibatlaridan yirtilgan tizzangiz avvalgidek bo‘lmaydi deb uylab, vahimaga tushdingiz. Ertasi kuni qarabsizki, mo‘’jiza yuz berib, tizzalaringizdagi yara bitishni boshlabdi. Tanangiz muhofaza pardasi yaratdi, uning yordamida bakteriyalar kirmaydi va tizzangiz asta-sekin asl holatiga qaytadi. Teri hujayralari “harakatga tushish” kerakligini tushunadi, ko‘payishni boshlab, og‘riqli joyni “yamashni” boshlaydi. Ya’ni, tana hujayra darajasida qachon nima qilish kerakligini biladi. Yara davolangach, tiklanish jarayoni ehtiyotkorlik bilan to‘xtaydi.

Bu jarayonlarning barchasi bizning aralashuvimizsiz, uxlagan paytimizda sodir bo‘ladi. Ongimiz tush ko‘rayotgan paytda tanadagi biokimyoviy jarayonlar va davolanish uchun zarur bo‘lgan o‘zgarishlar, quvvat almashinuvi, ya’ni alkimyo sodir bo‘ladi.

Demak, sog‘lom bo‘lishni istasangiz, tanangiz berayotgan turtki va sog‘liqning haqiqiy tamoyillarini tushunishni o‘rganing. Umumun olganda, tanangizning o‘zi sog‘lom bo‘lishni xohlashini va bu uchun ko‘p kuch sarflashini unutmang.

Bizning tanamiz tabiatan ajoyib yaratilgan. Inson tabiatan eng ilg‘or nanotexnologiya - benuqson immunitet sohibi. Bizning asab tizimimiz o‘zining murakkabligi va tartib tuzilishi bo‘yicha dunyodagi eng ilg‘or kompyuterlardan ustun. Ichki a’zolarimiz xotirani va hissiyotlarni saqlab qoladi, shuning uchun transplantatsiya qilinganlarga qisman donorning xotiralari va hissiy tajribalari o‘tar ekan.

Muxtasar qilib aytganda, biz - tanamiz o‘zini o‘zi davolaydigan kuch-qudratga ega, tabiat yaratgan mo‘’jiza...

To‘g‘ri ovqatlanishga harakat qiling, ko‘proq suv iching, yog‘li go‘sht iste’mol qilmang, badantarbiya bilan shug‘ullaning, kimyoviy moddalarni ishlatmang, kosmetika, atirlar ishlatmay ko‘ring-chi. Ehtimol, keyin tanangizdagi shifobaxsh kuchlar sizga yordam berishni boshlar...

Bahora MUHAMMADIYeVA tayyorladi.