Internet tarmog‘ida joylashtirilgan F.Yo‘ldoshevaning murojaati yuzasidan bayonot

Fuqaro Sh.Mamayev spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holda 2017 yil 15 iyunda A.Amanov bilan o‘rtalarida bo‘lgan o‘zaro kelishmovchiliklari uchun undan qasd olish maqsadida A.Amanovning yashash uyiga kelib, u bilan bo‘lgan qisqa suhbatdan keyin o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan uning bo‘yin sohasiga zarba berib, voqea joyidan yashiringan. A.Amanov esa olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.

Shu kuni Payariq tumani prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov natijasiga ko‘ra, Sh.Mamayevga ayb e’lon qilingan holda to‘plangan hujjatlar ayblov xulosasi bilan ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudiga yuborilgan.

Sud 2017 yil 10 oktyabrda Sh.Mamayevni aybli deb topib, unga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.

Marhum A.Amanovning onasi F.Yo‘ldosheva sud hukmidan norozi bo‘lib keltirgan shikoyati asosida jinoyat ishi 2017 yil 15 noyabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi apellyasiya instansiyasida ko‘rilib, sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Shuningdek, A.Amanovning qasddan o‘ldirilganligi holatiga Sh.Safarov va A.Ergashevlarning aloqadorligini tekshirish va boshqa holatlarga baho berish uchun sud ajrimi bilan ishning shu qismi alohida material tariqasida ajratilib, prokuratura organlariga yuborilgan.

Material yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, A.Amanovning qasddan o‘ldirilganligi holatida Sh.Safarov va A.Ergashevlarning aloqadorligi aniqlanmaganligi hamda F.Yo‘ldoshevaning murojaatlaridagi vajlar biron-bir ob’yektiv dalillar bilan tasdiqlanmaganligi sababli oxirgi marotaba 2019 yil 4 iyulda Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etish haqida qaror qabul qilingan va bu borada F.Yo‘ldoshevaga yozma ravishda xabar qilingan.

Shu bilan birga, F.Yo‘ldoshevaning Payariq tumani sudining 2017 yil 10 oktyabrdagi hukmidan norozi bo‘lib qilgan shikoyatlariga asosan jinoyat ishi sudining yuqori instansiyalarida bir necha bor ko‘rilib, Payariq tumani sudining Sh.Mamayevga nisbatan bo‘lgan hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.