Internet qamrovi oshdi, tezlik-chi?

Yaqinda poytaxtdan o‘z tizimidagi ishlarning natijasini bilish maqsadida Samarqandga kelgan amaldorlardan biri qo‘lidagi telefonda internet yaxshi ishlamayotganidan nolib qoldi. «Samarqandda Toshkentdagiday tezlik yo‘q, aka», dedi shu atrofdagi xodimlardan biri. U hayron bo‘lgancha, peshanasini tirishtirib, nari ketdi.

Xo‘sh, Samarqandda bu yil internet tezligi qanchaga ortdi? Aloqa sifati, chekka qishloqlarga ham internet yetib borishi uchun qanday ishlar amalga oshirildi? Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod XO‘JAMBERDIYeV bilan  suhbatlashdik.  

- Bu yil aholi har yilgidan ko‘proq sifatli internetga ehtiyoj sezdi va tarmoqqa ulanish istagidagilar ham bir necha baravar ortdi. Bu masalada viloyatda qanday ishlar amalga oshirildi?

- To‘g‘ri, pandemiya davrida axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga bo‘lgan talabning keskin oshganligi hech kimga sir emas. Xoh davlat organi, xoh tadbirkorlik sub’yekti yoki oddiy xalq vakili bo‘lsin, barchaning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga ehtiyoji oshdi. Ayniqsa, internetga talab deyarli barcha aholi qatlamida vujudga keldi. “Onlayn dars”, “onlayn yig‘ilish”, “onlayn savdo”, hattoki “onlayn sud” va “onlayn uchrashuv” kabi tushunchalar avvaldan mavjud bo‘lsa-da, amalda deyarli foydalanilmay kelinayotgan edi, pandemiya davrida esa ulardan keng foydalanildi va foydalanilmoqda.

Aholi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini simli telekommunikatsiya tarmog‘i, sifatli mobil aloqa va mobil internet xizmatlari hamda teleradio xizmatlari bilan ta’minlash maqsadida tegishli davlat organlari, mahalliy ijro hokimiyati bilan hamkorlikda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

2020 yilning o‘tgan 10 oyi davomida viloyatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, jumladan, raqamli infratuzilmani rivojlantirish doirasida 1124,4 kilometr optik tolali aloqa kabeli tortildi hamda viloyat bo‘yicha jami optik tolali aloqa kabellari uzunligi 4153,4 kilometrga yetdi. Montaj sig‘imi 37056 ta abonent ulash imkoniyatiga ega bo‘lgan 101 ta kichik mini stansiyalar va 97280 ta portli 52 ta zamonaviy telekommunikatsiya qurilmalari olib kelinib, viloyat hududlariga o‘rnatildi.

Ushbu qurilmalarning o‘rnatilishi natijasida, viloyatimizdagi ATSlarning umumiy montaj sig‘imi 142 mingdan ortdi, keng polosali portlarning umumiy montaj sig‘imi 280 mingga yetkazildi va keng polosali portlarning umumiy sig‘imi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 barobar o‘sishiga erishildi.

Hozirda keng polosali telekommunikatsiya tarmog‘iga ulanganlar soni 97 mingdan oshdi, joriy yilning o‘zida 33 ming foydalanuvchi mazkur tarmoqqa ulandi.

- Joriy yil boshida viloyatda umuman aloqa mavjud bo‘lmagan qishloqlar soni 40 dan ziyod edi. Hozir-chi? Ularning soni o‘zgardimi?

-  Joriy yil boshida viloyat bo‘yicha mobil aloqa qamrovi mavjud bo‘lmagan aholi punktlari 43 tani tashkil etgan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida Uzmobile mobil aloqa kompaniyasi tomonidan 15 ta, Mobiuz mobil aloqa kompaniyasi tomonidan 1 ta mobil tayanch baza stansiyasi o‘rnatilishi natijasida ushbu aholi maskanlarining 34 tasi mobil aloqa va internet xizmatlari bilan ta’minlandi.

Jumladan, 13 noyabr kuni Urgut tumanining uzoq va borish qiyin bo‘lgan, bugungi kunda mobil telefon va internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan Qizilto‘riq aholi punktida “O‘zbektelekom” AK Uzmobile filialining GSM standartida ishlovchi 2G/3G/4G baza stansiyalari o‘rnatildi hamda qishloqda yashovchi aholiga mobil telefon va yuqori tezlikdagi mobil internet xizmatlaridan foydalanishlari uchun qulaylik yaratildi va shu vaqtning o‘zida ushbu qishloq aholisiga sim kartalar sotuvi yo‘lga qo‘yildi.

- Demak, ayni paytda viloyatdagi 9 ta mahallada aloqa yo‘q?

- Ha, shunday. Endilikda mobil aloqa qamrovi bilan ta’minlanmagan aholi punktlarini mobil aloqa va mobil internet xizmatlari bilan ta’minlash bo‘yicha Uzmobile va Bilayn mobil aloqa kompaniyalari tomonidan baza stansiyalarni olib kelish, o‘rnatish va montaj qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

- Bu yil barcha, ayniqsa, ta’lim sohasi xodimlari sifatli internet aloqaga muhtojlik sezdi. Bu borada amalga oshirilgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tsangiz.

- Ijtimoiy soha ob’yektlarini yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulash yo‘nalishi bo‘yicha 2020 yilning 10 oyi davomida viloyatda mavjud 1255 ta xalq ta’limi ob’yektlaridan 527 tasiga, 654 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan 357 tasiga va 329 ta sog‘liqni saqlash ob’yektlaridan 187 tasiga optik tolali aloqa kabellari o‘tkazildi. Mazkur ijtimoiy soha ob’yektlarini yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulash uchun 1 000 km. dan ortiq optik tolali aloqa kabellari yotqizildi.

- Viloyatda mobil aloqa operatorlari sifatli internet aloqasini yo‘lga qo‘yishga qanday hissa qo‘shmoqda?

- Mobil aloqa operatorlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 125 ta baza tayanch stansiyalari (53 ta 2G, 33 ta 3G va 39 ta 4G) ishga tushirildi va 547 ta baza tayanch stansiyalari (36 ta 2G, 86 ta 3G va 425 ta 4G) modernizatsiya qilindi. Natijada jami o‘rnatilgan baza stansiyalarining soni 2 476 taga yetdi.

Mazkur baza stansiyalarining o‘rnatilishi natijasida viloyatimizdagi aholi punktlarining 98,9 foizi mobil aloqa bilan, 75 foizi  mobil internet bilan qamrab olindi. Shuningdek, har bir baza stansiyalarining yuklamalari kamayib, xizmat ko‘rsatish sifati ortishi ta’minlandi.

- Qamrov kengaydi, internet tezligi-chi, oshdimi?

- Aholiga sifatli telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish, internet tezligini oshirish bo‘yicha joriy yilda magistral telekommunikatsiya tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlarida 400 Gbit/s ga, tumanlarda esa 40 Gbit/s ga yetkazildi.

Internet tarmog‘iga ulanuvchilar asosan optik tolali tarmoqqa ulanayotgani ham sifat yangicha bosqichga ko‘tarilayotganidan darak beradi. Ammo internet tezligi faqatgina shu omilga bog‘liq emas.

- Hududlarda raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil qilingani haqida xabarlar tarqalmoqda. Ushbu markazlarning faoliyati nimadan iborat bo‘ladi?

- Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatning Toyloq, Samarqand, Urgut, Oqdaryo va Past Darg‘om tumanlarida raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etilib, viloyatda raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari soni 6 taga yetdi.

Mazkur markazlarda axborot texnologiyalari va robototexnika yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklar tashkil etilgan, shuningdek, markazda ushbu sohaga qiziqishni oshirish uchun kibersport yo‘nalishi mavjud. Markazlarning afzalligi shundaki, bu yerda yoshlar kompyuter savodxonligi bo‘yicha bepul ta’lim olishlari mumkin.

Bugungi kunda bunday markazlarni ko‘paytirish maqsadida Samarqand shahar, Jomboy, Payariq va Nurobod tumanlarida ajratilgan binolarda ta’mirlash hamda jihozlash ishlari olib borilmoqda.

Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.