Iqlim o‘zgarishi ming martaga tezlashgan, tabiat esa ulgura olmayapti

Iqlim o‘zgarishi bizning go‘zal va million yillar davomida muvozanatga ega bo‘lib kelgan sayyoramizda ko‘plab tartibsizliklarni keltirib chiqarmoqda, deb yozadi Human.uz.

Ummon va o‘rmonlardagi o‘zgarishlar sabab, ehtimol bir necha yuz minglab nabodod va hayvonot vakillari yo‘qolish arafasida turibdi. Ularning ayrimlari esa global isishga moslashish uchun o‘z xususiyatlarini o‘zgartirishga majbur bo‘lishmoqda. Misol uchun, hayvon va parrandalar jussasi tobora kichrayib bormoqda. Boisi kichik gavdada issiq haroratni tarqatish oson. 
Hozircha olimlarda iqlim o‘zgarishiga tabiatning moslashishi nimalarga olib kelishi, buning qanday kechishi xususida qarashlar yetarli emas. Kuni kecha birmuncha aniq taxmin va fikrlar o‘rin olgan ilmiy maqolalar "Nature Communications" ilmiy nashrida chop etildi. Unda 60 nafar tadqiqotchining ishlari e’lon qilingan. 
Shu vaqtga qadar olib borilgan 10,000 dan ziyod tadqiqot natijalariga ko‘ra, inson omili sabab yuzaga kelayotgan tabiiy tartibsizliklarning natijasi xatarli bo‘ladi. To‘g‘ri, ayrim jonivorlar, o‘simliklar yangi iqlimga moslashayotgandek ko‘rinadi, biroq ular ulgura olishmayapti. Ayrimlari esa sezilar-sezilmas yo‘q bo‘lmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, tabiatda ommaviy halokat jarayoni sodir bo‘lmoqda. 
Hayvon va o‘simliklarning iqlimga moslashishlarini ikki o‘zgarishda ko‘ramiz: morfologiya va fenologiya. Morfologiya o‘zgarishlarga jismonan moslashish, fenologiya esa ko‘payish va ko‘chish bilan bog‘liq o‘zgarishlar. Mavjud tadqiqotlar asosan fenologiyani o‘rganmoqda. 
Qushlarni kuzatish ancha qulay bo‘lgani bois, iqlim o‘zgarishining parrandalarga ta’siri yaxshi tadqiq qilinmoqda. Izlanish natijalari iqlim o‘zgarishi sabab qushlar tuxum qo‘yib, boshqa o‘lkalarga uchib ketish vaqtida adashib qolishayotganini ko‘rsatmoqda.  
Iqlim azaldan o‘zgarib kelgan. Tabiat ham qadimdan jarayonga moslashib kelgan. Ammo inson omili sabab yuzaga kelayotgan bugungi iqlim o‘zgarishlarining sur’ati an’anaviy o‘zgarishlardan 1000 barobar tezroq. Agar bu sur’at pasaymasa, tabiat bunga moslashishga ulgurmaydi va sayyoramiz ekotizimi ko‘p hayvon va o‘simlik turlaridan mahrum bo‘ladi. 
 Ekologik tizim juda murakkab tizim va unda har bir o‘simlik, hayvonning o‘ziga yarasha o‘rni, ta’siri hamda vazifasi bor. Misol uchun, issiqlik sabab hasharotlar erta ko‘payishni boshlashsa, qushlar ham hayot tarzlarini shunga muvofiq o‘zgartirishlari lozim. Aks holda, tabiatdagi muvozanat buziladi. 
Mayda va tez ko‘payadigan hayvonlar ulkan jussali hayvonlarga qaraganda iqlim o‘zgarishiga tez moslashmoqdalar. Yirik sut emizuvchilar, misol uchun fillar uchun iqlim o‘zgarishi xavfli kelishi mumkin. 
Ilmiy izlanishlar tabiatdagi moslashuvchanlik qobiliyati bundan buyog‘iga omon qolish uchun yetarli emasligini ko‘rsatmoqda. Har bir hukumat o‘z hududida mavjud hayvon va o‘simliklarning iqlim o‘zgarishidan himoya qiluvchi dasturlarni amalga oshirishlari lozim. Aks holda, bugun bizning qarshimizda yashab turgan tabiat ertangi avlod uchun armonga aylanishi muqarrar.