Iqlim o‘zgarishi: olimlar bong urishmoqda
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish kelgusi hafta Glazgoda bo‘lib o‘tadigan iqlim sammitiga tashkilot ekspertlari tomonidan tayyorlangan iqlim o‘zgarishi bo‘yicha yangi hisobotni “qo‘rqinchli signal” deya atadi.
Hisobotda qayd etilishicha, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar global isishga qarshi kurashish uchun mutlaqo yetarli emas. Nyu-Yorkda nutq so‘zlagan Guterrish iqlim inqirozi butun insoniyatga tahdid solayotganini aytdi:
- Diplomatik mayda-chuydalar vaqti o‘tdi. Hukumatlar, ayniqsa G20 mamlakatlari zarur sa’y-harakatlarni boshlamasa, dahshatli insoniy azob-uqubatlar oldini olib bo‘lmaydi. Qolaversa, uglerodga asoslangan eski rivojlanish modeli iqtisodiyot va sayyoramiz uchun halokatli ekanligini barcha mamlakatlar tushunishi kerak.
Dunyoning 120 ta davlati 2030 yilga borib havo haroratining ko‘tarilishi 1,5 darajadan oshmasligi uchun issiqxona gazlar chiqarishni 7,5 foizga kamaytirish niyatida. Vaholanki, olimlar zararli gaz chiqarishni 55 foizga kamaytirish kerakligini ta’kidlashmoqda.
Hisobotda, shuningdek, agar bir qator mamlakatlar 2050 yilga borib atmosferaga chiqindi tashlashni nolga tenglashtirish rejalarini amalga oshirsa, global harorat 2,2 darajaga ko‘tariladi. Ammo ushbu rejalar yetarlicha aniq va muayyan emas.