Iqlim o‘zgarishlariga qarshi Parij Konvensiyasi: AQSh nega bu Konvensiyani tark etgan?

2015 yil, 12 dekabrda iqlim o‘zgarishlarga qarshi Parij Konvensiyasi qabul qilingan va o‘shanda unga dunyoning 200 ga yaqin davlati qo‘shilgan.

Oradan 2 yil o‘tib 2017 yil,  1 iyunda yangi saylangan AQSh prezidenti Donald Tramp u rahbarlik qilayotgan mamlakat iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij Konvensiyasidan amalda chiqqanini e’lon qildi.

Trampning ma’lum qilishicha, global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash talablari nafaqat AQShda balki dunyoda millionlab ish o‘rinlari va milliardlab dollarlarning yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi. Trampning bu qarori o‘sha paytda boshqa ko‘plab mamlakatlar tomonidan keskin tanqid qilindi.

O‘sha qarorini e’lon qilar ekan, Tramp Oq uy bog‘ida chiqish qilib, Parij Konvensiyasi nima uchun AQShga to‘g‘ri kelmasligi haqida gapirgan edi. O‘shanda, Trampning ta’kidlashicha, u uchun amerikaliklar haqida qayg‘urish boshqa hamma narsadan ham muhimroq. Global harorat ko‘tarilishi ortidan falokatlar sodir bo‘lishi ehtimolini rad etmagani holda, Tramp yangi cheklovlar 2025 yilga qadar AQShda 2,7 million ish o‘rnini qisqartirishi, 2040 yilga borib mamlakat iqtisodiyoti uch trillion dollargacha zarar ko‘rishi haqidagi raqamlarni keltirgan.

AQSh — atmosferani global iqlim o‘zgarishining katalizatori hisoblangan karbonat angidrid gazi bilan «ifloslantirish bo‘yicha chempion».

Hozirda zaharli moddalarni atmosferaga chiqarish bo‘yicha Xitoy yetakchi bo‘lsa-da, umumiy hisob-kitoblar bo‘yicha aynan AQSh atmosferani issiqxona gazi bilan «to‘yintirish»da eng ko‘p «ishtirok etgan». AQShning Parij Konvensiyasidan chiqishiga ham ana shu: havoga karbonat angidrid chiqarishda dunyoda peshqadam bo‘lgani ham sabab bo‘ldi.

AQSh Parij Konvensiyasiga qo‘shilib o‘zining havoga ko‘p miqdorda karbonat angidrid chiqarayotgan yirik zavodlarining faoliyatini cheklash niyatida emas. Ya’ni, ko‘chaning tilida aytganda, Yer shari ham, undagi butun tiriklik olami ham atrof-muhit ifloslanishi ortidan nima bo‘lsa bo‘laversin va bu AQShni zarracha tashvishlantirmaydi, deyapti janob Tramp.

Mamlakatimiz Parij Konvensiyasiga 2017  yil, 19 aprelda qo‘shilgan va

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 2018 yil, 27 sentyabr kuni «Parij Konvensiyasini (Parij, 2015 yil 12 dekabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonunni tasdiqladi.

Tramp o‘sha 2017 yil, 1 iyunda o‘z mamlakatini Parij bitimidan chiqarib olgani yetmaganday bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi turli iqtisodiy muammolarga o‘sha 2015 yilda qabul qilingan Parij Konvensiyasi qabul qilinganini sabab qilib ko‘rsatayapti. Ammo u haqmikin? Axir Ona Yerimizni asrashimiz ham kerak-ku!

"Janob Tramp, siz iqtisodiy va siyosiy jihatdan dunyodagi eng qudratli davlat rahbarisiz va o‘zingiz prezident bo‘lgan mamlakatni siyosiy va iqtisodiy tarafdan o‘zingiz xohlaganday boshqarishingiz mumkin. Ammo, shuni unutmangki, Yer shari faqat AQShdan iborat emas. Shuning uchun Yer sharida yashayotgan boshqa xalqlarning ahvolini ham o‘ylang va Parij bitimidan chiqib ularni kelajakda kutayotgan xavfga tezroq ro‘para qilmang".

(Ismi noma’lum bo‘lgan osiyolikning 2017 yilda, Tramp AQShning Parij bitimidan chiqishi qarori ortidan unga yuborgan murojaati)