Iqtisodiy chegaralarda ish yuritish raqamlashtirilmoqda
Hozirda bojxona tartib-tamoyillarini yanada soddalashtirish, tizimda raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash orqali inson omilini kamaytirish, sodda qilib aytganda, “Raqamli bojxona”ga o‘tish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda bojxona organlarida 63 ta axborot tizimi va 28 ta interaktiv xizmat joriy etilgan. Bojxona rasmiylashtiruvi jarayoni 100 foiz avtomatlashtirilib, shundan 13 ta yangi axborot tizimi 2020 yilda amaliyotga tatbiq etildi.
Xususan, bojxona organlarida “Xavfni boshqarish” tizimining joriy etilishi natijasida bugungi kunda qonunga itoatkor tadbirkorlarning eksport va importga yo‘naltirilayotgan mahsulotlari tezkorlik bilan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda. Ya’ni, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari xavf darajasiga qarab toifalarga ajratilib, bojxona ko‘riklari soni 1,4 barobarga kamaytirildi.
Bojxona rasmiylashtiruvi vaqti eksportda 1,7, importda 1,4 barobarga qisqardi. Hozirgi kunda 62 foiz tovarlar soddalashtirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda.
Bojxona yuk deklaratsiyalarini avtomatik ro‘yxatga olish va avtomatik taqsimlash joriy etilgach, ilgari bu jarayonda bir necha xizmat kitoblari yuritilib 2-3 soat vaqt ketgan bo‘lsa, endi 1-2 daqiqa sarflanmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2020 yilda viloyat tashqi savdo aylanmasi 1,4 milliard dollarni tashkil etdi. Bunda import 1,1 milliard dollarni tashkil qildi. Shuningdek, 591 ta eksportchi korxonalar tomonidan 124 million dollarlik meva-sabzavot, 73,5 million dollarlik to‘qimachilik, 22,5 million dollarlik oziq-ovqat, 21,1 million dollarlik transport va uning ehtiyot qismlari, 73,7 million dollarlik boshqa tovarlar xorijga eksport qilingan.
Tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulush Xitoy, Rossiya, Turkiya va Yaponiya davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
2020 yilda 1 trillion 193 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlari davlat byudjetiga undirildi. Bu esa 2019 yilga nisbatan 35 foizga ko‘p. Bundan tashqari, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida import qilingan tovarlarga qonunchilikda belgilangan stavkalar asosida jami 1 trillion 700 milliard so‘m bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar qo‘llanildi.
Pandemiya sharoitida viloyatda faoliyat yuritayotgan 101 nafar tadbirkorlik sub’yektiga jami 252 milliard so‘m bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash imkoniyati berildi.
Umuman, o‘tgan yilda “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurashish doirasida viloyatda 508 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, 4 milliard so‘mlik tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Shuningdek, 10,2 milliard so‘mlik qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi. Qonunbuzarlarga nisbatan 25 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
24 ta holatda 8,6 kilogramm giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanuviga chek qo‘yildi.
Joriy yilda tizimda yana 16 ta axborot tizimini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan. Misol uchun, chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan avtotransport vositalarini davlat nazoratidan o‘tkazish va post hududidan chiqib ketishining nazorati “elektron shlagbaum”ga asoslangan, “Transport nazorati” avtomatlashtirilgan axborot tizimi amaliyotga joriy etilmoqda.
Tizim yordamida tovar va transport vositalari chegara o‘tkazish punktlariga kirib kelishidan chiqib ketgungacha bo‘lgan nazorat tadbirlari avtomatlashtirilib, innovatsion (aqlli) bojxona posti amaliyotga joriy etiladi.
Yangi binoda ish boshlagan “Samarqand” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida bank shoxobchasi, sertifikat idoralari va bojxona brokerlari faoliyat olib borishi uchun xonalar ajratilgan.
Viloyat hokimligining tashabbusi bilan tadbirkorlik sub’yektlarining eksport tovarlarini chetga olib chiqishida qulaylik yaratish, vaqt va xarajatlarini tejash maqsadida Tojikiston Respublikasi bilan chegarada joylashgan “Jartepa” chegara bojxona posti yana o‘z faoliyatini boshladi.
Faqat xalqaro yuk tashuvchilarning yuk avtotransport vositalari harakatlanishi belgilangan mazkur post orqali endi viloyatimiz tadbirkorlari ham o‘z tovarlarini qo‘shni davlatga eksport qilishlari yoki tovarlar importini amalga oshirishlari mumkin.
Yakub Mirzarahimov,
Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i.