Iqtisodiy sudlar nizoli ishlarning 77 foizini sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqqan
Samarqand viloyati iqtisodiy sudi sudyasi O.Nurimovning ma’lum qilishicha, 2019 yilning o‘tgan olti oyi davomida viloyat, tuman, shahar hamda tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan 7649 ta iqtisodiy ishlar mazmunan ko‘rilib, hal etilgan.
Ushbu ishlar bo‘yicha da’vogar (arizachi)lar foydasiga 280 milliard 825 million so‘m undirish haqida sud hujjatlari qabul qilingan. Respublika byudjeti hamda sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga 6 milliard 600 million so‘m davlat boji undirilgan. Sayyor sud majlislarida 5898 ta iqtisodiy ishlar ko‘rib chiqilgan bo‘lib, bu jami ko‘rilgan nizoli ishlarning 77 foizini tashkil etgan.
Ma’lum qilinishicha, iqtisodiy nizolarning kelib chiqishiga xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va tadbirkorlar tomonidan o‘z vaqtida soliq qarzdorliklarini to‘lanmasligi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishdan oldin puxta o‘ylangan biznes-rejaga ega emasligi oqibatida iqtisodiy nochor holatga tushib, bankrotlik holatiga kelib qolayotganligi, shartnomaviy-huquqiy munosabatlarni amalga oshirishda shartnoma shartlari va talablariga rioya qilinmayotganligi va yana bir nechta omillar sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, olti oyda iqtisodiy sudlarda ko‘rilayotgan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning 337 nafar vakillari o‘zlari joylashgan hududlardan chiqmagan holda, videokonferensaloqa rejimida boshqa hududda o‘tkazilgan sud protsesslarida qatnashib, taxminan 50 million so‘m mablag‘larini tejagan.