Ishga joylash uchun 6 ming AQSh dollari so‘ragan shaxs ushlandi

Toshkent shahrida fuqaroni Yevropa mamlakatlaridan birida ishga joylashni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.

Qayd etilishicha, ichki ishlar organlariga 29 yoshli Alisher Ya. murojaat qilgan. Uning ma’lum qilishicha, 23 yoshli Qobiljon N. uni Latviyada ishga joylashtirishni va’da qilib, evaziga 6 ming AQSh dollari so‘ragan.

6 sentyabr kuni kechqurun Mirzo Ulug‘bek tumanida 3900 AQSh dollarini olayotganida Qobiljon N. IIBB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.