Ishlatilgan niqoblarni qayerga tashlayapsiz?

Bu savolni bejiz bermadik. Bunday deyishimizga sabab ko‘chada ketar ekansiz, har joyda tibbiyot niqoblari, qo‘lqoplarning yotganiga guvoh bo‘lasiz. Ariqlar bo‘yida, yo‘laklarda, bekatlarda, ko‘p qavatli uylar atrofida, jamoat joylarida afsuski, bir martalik niqob va qo‘lqoplarni  uchratish mumkin. Agar ulardan bemor odam foydalangan bo‘lsa-chi? Bexosdan niqoblarni bosib olsak yoki shamolda uchib kiyimlarimizga tegsa qanchalik ziyoni bor ekanligini o‘ylab ko‘rganmisiz? Yoki, ularni yig‘ishtirib ketayotgan obodonlashtirish xizmati xodimlariga-chi?

Barcha davlatlar ishlatilgan tibbiy niqoblardan iloji boricha ehtiyotkorlik bilan muomala qilish kerakligini aytmoqda. Chunki virus zarralari ularning yuzasida joylashishi va bir muncha vaqt yashashi mumkin.

Niqoblarni ehtiyotkorlik bilan old qismiga tegmagan holda olib, alohida paketga solib, mahkamlab chiqindi qutisiga solish lozim. Niqobni olgandan so‘ng qo‘lingizni darhol sovun bilan yuvish yoki antiseptik vositalar bilan artish kerak.

Gonkong universiteti olimlarining fikricha, tibbiy niqoblarda COVID-19 virusi bir haftagacha yashashi mumkin ekan. Agar niqobni koronavirus bilan kasallangan odam kiyib olgan bo‘lsa va u chiqindi qutisiga tashlansa, boshqa chiqindilarni ham zararlaydi, ularni tozalaydigan odamlar ham kasallanadi. Aksariyat hollarda niqoblar va qo‘lqoplar asfalt, maysazor va boshqa tashqi muhitlarda yotadi. Ularni zararsizlantirish juda muhim.

Masalan, Xitoyda virus tarqalishining oldini olish uchun xavfli chiqindilar sifatida niqoblar yig‘iladi. Tailandda niqoblarni yig‘ish uchun konteynerlarni uchratish mumkin. Qozog‘istonda ishlatilgan tibbiy niqob va qo‘lqoplar uchun maxsus qutilar o‘rnatila boshlandi. Italiya va Birlashgan Arab amirliklarida ko‘chaga niqob tashlaganlik uchun jarimalar joriy etildi.

Bugun shahrimiz ko‘chalarida ko‘plab tibbiyot qo‘lqopi-yu, niqoblar tashlab ketilganiga guvoh bo‘lyapmiz. Agar niqoblarni to‘g‘ri kelgan joyga otaversak, bundan o‘zimiz ko‘proq zarar ko‘ramiz.

Munisa ShAMSIYeVA.