Ishsiz fuqaroga yer ajratish: Kimga imtiyoz, imkoniyat beriladi?
Hozirda yurtimizda yetishtirilgan 80 turdan ortiq qishloq xo‘jalik mahsulotlari dunyoning 66 mamlakatiga eksport qilinadi. O‘tgan besh yilda meva-sabzavot va dukkakli mahsulotlar eksporti qariyb ikki barobar ko‘paydi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 gektar maydonda yetishtirilgan paxta xomashyosiga nisbatan uzumdan 7 baravar, gilosdan 6 baravar, yong‘oqdan 5 baravar ko‘p daromad olish mumkin. Demak, paxta va g‘alladan qisqartirilayotgan maydonlarda bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz va sabzavotchilik, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish eksport hajmini oshiradi. Bunda sohaga aholining keng qatlamini jalb qilish orqali ushbu yerlardan samarali foydalanish tizimini yaratish bilan tarmoqda qo‘shimcha o‘sishga erishiladi.
Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq ho‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida shu maqsadlar ko‘zlangan. Qarorda aholining daromad topishga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, agrar tarmoqda o‘z biznesini tashkil etishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish va qishloq xo‘jaligini diversifikatsiyalash orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga e’tibor qaratilgan.
Qarorga asosan, 2022-2025 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va g‘alla ekinlaridan jami 200 ming gektardan ortiq yer maydoni qisqartiriladi. Ushbu yerlar hisobidan fuqarolarga 0,10 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida yer maydonlari ajratish belgilangan.
Jumladan, viloyatimizda 4 yilda 15 ming 760 gektar, 2022 yilda esa 6303 gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartiriladi
Kattaqo‘rg‘on tumanida 2022 yilda 564 gektar maydon ochiq elektron tanlov orqali, ijara huquqi asosida aholiga beriladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirda tumanda istiqomat qiluvchi 278 ming aholidan 11 ming nafarga yaqini vaqtincha ishsiz. Joriy yilda ularning 3 ming nafari 15-20 sotixdan yer ajratish yo‘li bilan bandligi ta’minlanadi. Keyingi to‘rt yilda esa yer ajratish tufayli band bo‘lgan aholi soni 9,5 mingdan ortishi rejalashtirilgan.
- O‘tgan yili g‘alladan bo‘shagan maydonda takroriy ekin va qaror asosida suvli maydondan bahorgi ekin uchun 1200 nafarga yaqin ishsiz fuqaroga 2 ming gektardan ortiq yer ajratib berdik, - deydi tuman hokimi o‘rinbosari Qobiljon Tog‘ayev. – Davlatimiz rahbarining 2021 yil 23 noyabrdagi qarori asosida “daftar”larda turgan fuqarolarga qo‘shimcha ball berilib, “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida mahsulot tayyorlanadi. Yer olgan fuqarolarga fermer xo‘jaliklari tomonidan maydonni ekishga tayyorlab, ixtisoslashuviga ko‘ra urug‘lik beriladi, yetishtirgan mahsulotining eksporti ta’minlanadi. Hozirgacha “DEAL AND ACT TRADING” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan 200 gektar maydonda kungaboqar yetishtirish va mahsulotni xarid qilish borasida shartnoma imzolandi. Turkiyadan keltirilgan kungaboqarning afzalligi shundaki, u qisqa muddatda pishadi, kam mehnat va kam suv talab qiladi, gektaridan 4 tonna hosil olish mumkin. Asosiysi, bozori va xaridori aniq. Lotin Amerikasi davlatlariga qalampir eksporti, Xitoyga mosh va dukkakli ekinlar, Rossiyaga qulupnay eksport qilish borasida kelishuvlar olib boryapmiz. Mahallalarning joylashuvidan kelib chiqib, “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida ixtisoslashtiryapmiz. Masalan, Alijon mahallasida kartoshka, karam yetishtiriladi, Paxtakorda pomidor, Oyjonda issiqxona, Qirg‘izda qulupnay, Mo‘ndiyonda uzum, Tavoronda malina yetishtiriladi va chorvachilik bilan shug‘ullanishadi.
Keling, hisob-kitob qilib ko‘raylik. Masalan, 10 sotix maydonda 300 kilogramm kartoshka urug‘i ekiladi, o‘rtacha bir kilogramm urug‘ 8000 so‘mdan 2,4 million so‘m, yer tayyorlash, o‘g‘it va boshqa xarajatlarga 1,6-1,7 million so‘m sarflanadi, jami 4 million so‘m atrofida mablag‘ sarflanadi. 10 sotix maydondan 2,5-3 tonna hosil olinadi. Birgina kartoshkaning o‘zidan 10 million so‘m daromad qilish mumkin. Takroriy va to‘qsonbosti ekinlardan bu raqamlarni yana bir necha barobar oshirish mumkin.
Tumanning Mo‘ndiyon mahallasida yashovchi Dilshod Berkinov shunday hisob-kitoblar bilan o‘tgan yili g‘alladan bo‘shagan maydonda kartoshka ekish uchun 20 sotix yer olgandi. Daromad yomon bo‘lmadi.
- Qizim Sevinch Begmatova “Yoshlar daftari”da turardi, mahalladan kelib, qizingizga yer beramiz deyishdi, - deydi D.Berkinov. – O‘zim dehqonchilik bilan shug‘ullanganim uchun yerni hech ikkilanmay oldim. Fermer mart oyida yerni tayyorlab berdi, urug‘ni ekdik. Olgan hosilni o‘lchab ko‘rmadim, bir marta 10 million so‘mga sotdim, qishlog‘imizdagi 20 ta xonadonga tarqatdim, ortgani hozirgacha ro‘zg‘orimizga yetib turibdi. O‘rniga makkajo‘xori, pomidor, tarvuz ekdim. O‘tgan yili 40 million so‘mdan ortiq daromad qilib, olti bosh qoramol oldim, to‘y qildim. Bu yil ham dehqonchilik ortidan mashina olish niyatidamiz.
Yer oilalar daromadini oshirish, aholi farovonligiga erishishda katta imkoniyat. Kimdir bundan to‘g‘ri foydalanib, ro‘zg‘orini farovonlikka olib chiqadi, yana kimlar uchun kutilgan daromad kam bo‘ladi. Lekin yer ham mehnat qilganga barakasini beradi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.