Ishtixon sanoatlashgan hududga aylanadi

Hozirda Ishtixon tumanida 13 ta korxona, 450 ga yaqin oilaviy korxona, 360 dan ortiq sanoat ishlab chiqarish, 140 ga yaqin qurilish, 500 ga yaqin savdo, mingdan ortiq fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda.

Davlat ro‘yxatidan o‘tgan sub’yektlarni o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda temiryo‘ldan uzoqroq tumanda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlar soni ortganligini kuzatish mumkin. Buni keyingi uch oy davomida pandemiya sabab ayrim korxonalar faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan paytdagi holat bilan taqqoslasak, albatta yaxshi natija.   

Masalan, 2019 yilning 5 oyida 1200 dan ortiq fuqaro tadbirkorlik faoliyatini qonuniy rasmiylashtirgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrigacha 1600 dan ortiq sub’yektlar qonuniy tarzda ish boshladi.

Tadbirkorlikni rivoji mablag‘ga, xorijiy sarmoyaga borib taqaladi. Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, Xitoy, Turkiya, Rossiya va boshqa hamkor davlatlardan jalb etilgan mablag‘ hisobidan ishlab chiqarish hajmi ortib, ochilgan yangi imkoniyatlar ishga solinmoqda. Xo‘sh, agrar sohaga ixtisoslashgan tuman qanday qilib sanoatlashgan hududga aylanmoqda?

- O‘tgan yili Turkiya, Janubiy Koreya, Xitoy va boshqa hamkor davlatlarga borib investorlar bilan uchrashdik, tumanimiz imkoniyatlari bilan tanishtirdik, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari Begzod Igamqulov. – Ular sharoitlarni o‘rgangach, hamkorlikda investitsion loyihalarni yo‘lga qo‘ydik. Hozir tumanimizdagi 13 ta korxonadan 6 tasi xorijiy korxona hisoblanadi. 2020 yilda tumanimizga 12 million dollarlik xorijiy sarmoya kiritishni rejalashtirib, investorlarni jalb etgandik. Ularga sharoitlar ma’qul kelib ish boshladi va hozirgacha 1,5 million dollardan ortiq sarmoya kiritdi.

Hokim o‘rinbosarining gaplaridan so‘ng bajarilgan ishlarni o‘rgandik. Mahalliy aholini tadbirkorlikka jalb qilish, kambag‘allikni qisqartirish uchun 2020 yilning yanvar-may oylarida 20,6 milliard so‘mlik 28 ta loyiha ishga tushirilibdi. Ishbilarmonlikni yanada rivojlantirish uchun 10 ta bo‘sh turgan ob’yekt tadbirkorlarga berilib, ishlab chiqarish tarmoqlari yo‘lga qo‘yilgan. Tumanning Qo‘rli mahallasidagi Qo‘shrabot tumani bilan chegaradosh lalmikor yerlarini ishlab chiqarishga jalb etib, xorijiy sarmoyadorlarga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish yo‘li bilan uzumzorlar tashkil etilgan.

Zamonaviy uskuna keltirildi, ammo elektrda uzilishlar ko‘p

Masalan, O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi shaklidagi “Long Giang” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan lalmi maydonda 12 gektar eksportbop uzum yetishtirish bilan birga yiliga ming tonna moshni qayta ishlovchi korxona ham qurilmoqda. Tumandagi yangi loyihalardan yana biri - “Samarqand-Baku” qo‘shma korxonasi tomonidan hududda yagona bo‘lgan 160 gektar maydondagi uzumzorga avtomatlashtirilgan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etildi.

- Ushbu texnologiya 350 ming dollarlik xorijiy kredit liniyasidan olingan mablag‘ hisobidan Isroil davlatining zamonaviy suv tejovchi uskunalari keltirildi, - deydi korxona ish yurituvchisi Jasur Mansurov. - Qolaversa, korxonamiz Ozarbayjon, Rossiya, Xitoy davlatlariga dukkakli mahsulotlar eksport qilish bilan ham shug‘ullanadi. Hozir 30-40 nafar ishchi bilan tok orasiga ishlov beryapmiz. Lekin eng zamonaviy uskunalar keltirsak-da elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli sug‘orishni to‘g‘ri tashkil etolmayapmiz. Bu ham ishning sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Keyingi manzilimiz tumanning Zarband mahallasi bo‘ldi. Bu yerda xitoylik tadbirkor Xi Ming tomonidan tog‘dan marmar qazib olish loyihasi ishga tushdi.

- Bu yerdagi tabiiy resurslar haqida tarixiy manbalar, kitoblar, internetdan o‘qiganman va 2015 yilda xitoylik geologlar bilan kelib marmar tarkibi, hajmini o‘rganganman, - deydi tumandagi “DONG STONE PROGRESS” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Xi Ming. – O‘zbek marmari qadimiy Afinada ishlatilgan marmardan ko‘ra biroz yumshoq bo‘lganligi uchun uni bemalol boshqa rangga bo‘yash mumkin. Hozirda tog‘ning yuza qatlamini kovlayapmiz. Keyingi bosqichda bu yerda marmarni qayta ishlash korxonasini ochib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqaramiz. Bu mahsulotlarni Rossiya, Qozog‘iston, Koreya, Xitoy va boshqa davlatlarga eksport qilishni rejalashtirganmiz. Tumanda tog‘dan marmar qazib olishda mazkur korxonadan tashqari yana beshta loyiha ishga tushdi. Demak, Ishtixon tumanida sanoatni rivojlantirish yo‘lida yana bir muhim tarmoq ochildi. Istiqbolda esa tog‘-kon sanoatini yanada rivojlantirish, xomashyo qazib olishni ko‘paytirib, shu yerning o‘zida tayyor mahsulot tayyorlash loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Tabiiyki, xorijning zamonaviy uskunalarida tayyorlangan raqobatdosh mahsulotlarga xalqaro bozorda ham talab yuqori bo‘ladi. Misol uchun tumandagi 10 ta eksportyor korxona tomonidan hozirgacha 2 376 ming dollarlik ip-kalava va meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi. Tumanda qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksportida mayiz asosiy o‘rin tutsa yaqindan boshlab jiyda mahsulotini ham chet el bozorlariga sotish boshlandi. Hozirda 1 million dollarga yaqin mayiz va jiyda eksportga hozirlanmoqda. Bajarilgan ishlar samarasini raqamlarda ham ko‘rish mumkin. Masalan, 2019 yilning 5 oyida tumandan 1,1 million dollarlik mahsulot eksport qilinib 11,1 million dollarlik tovarlar import qilingan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida 1,2 million dollarlik mahsulot sotilib 2,3 million dollarlik mahsulot olib kelindi. Bu ham ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va importdan eksport hajmini oshirishdagi amaliy harakatlardan biridir.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.

***

Otabek ShAROFOV olgan suratlar.