Ishtixon va Paxtachida oziq-ovqat zaxirasi qanday jamg‘arilmoqda?
Shu kunlarda tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash bo‘yicha hududda yaratilgan tizim, aholining asosiy turdagi mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida hisobot bermoqda.
Hisobotlarda kelgusi yilning may oyigacha bo‘lgan ehtiyojga yetarli qaysi mahsulotni qachon va qayerdan olinishi alohida qayd etilmoqda.
Xususan, xalq deputatlari Ishtixon tumani Kengashi sessiyasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida tuman hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Sh.Ibragimovning hisoboti tinglandi.
Qayd etilganidek, tumanda aholi soni 253,2 ming nafarni tashkil etib, aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan 6 oylik talabi tibbiyot me’yorlari bo‘yicha oyma-oy hisoblab chiqilgan.
Jumladan may oyiga qadar 2393 tonna mol go‘shti, 1152 tonna qo‘y go‘shti, 1848 tonna tovuq go‘shti, 27,3 million dona tuxum, 6583 tonna kartoshka, 2532 tonna piyoz, 3292 tonna sabzi, 9786 tonna un, non va makaron, 899 tonna baliqqa talab mavjud. Bu turdagi mahsulotlar aksariyati tumanning ichki imkoniyatlari hisobiga to‘liq qoplanadi va ortiqcha mahsulotlar boshqa hududlarga savdoga chiqariladi. Biroq tumanda umumiy ehtiyojga nisbatan 173 tonna kam baliq yetishtiriladi.
Bu kabi tumanda tayyorlanmaydigan yoki ishlab chiqarilmaydigan mahsulotlarni qo‘shni tumanlar va viloyatlardan olib kelish rejalashtirilmoqda. Xususan, Ishtixon tumanidagi 4 ta tayyorlov korxonasi Qoraqolpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi tadbirkorlar bilan 460 tonna guruch xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan.
Shakarga bo‘lgan ehtiyoj Xorazm va Angren shakar zavodlari hamda import hisobidan qoplanadi.
Tumandagi 4 ta paxta va o‘simlik yog‘i ishlab chiqaruvchi korxonalar 1 oyda 130 tonna, 6 oyda esa 780 tonna o‘simlik va paxta yog‘i ishlab chiqarish quvvatiga ega. Albatta bugungi kunda aholining arzon o‘simlik yog‘iga bo‘lgan ehtiyoji yuqori. Shu bois ehtiyoj uchun 780 tonna (62,0 foiz) mahalliy, 472 tonna (38,0 foiz) yog‘ni import mahsulotlar va boshqa hududlardan olib kelish rejalashtirilgan.
Joriy yil 3-chorak mahalliy byudjetga tushgan tushumlar va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga o‘tkazilgan 1 milliard so‘m mablag‘lar hisobidan "Temir daftar"ga kiritilgan ehtiyojmand aholiga 2020-2021 yil qish va bahor mavsumi uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari jamg‘arilmoqda. Qayd etilishicha, “Temir daftar”dagi 2052 ta oilalarning 9063 nafar a’zolari uchun 490 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxira qilinadi.
***
Paxtachi tumanida bugungi kunda 144 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Aholining oziq-ovqat xavfsizligini, bozorlarda narx-navoning barqarorligini ta’minlash hamda barcha qatlamdagi aholining yil davomida iste’mol talabini qondirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu haqda xalq deputatlari tuman Kengashida hisobot bergan tuman hokimi Muzaffar Hamdamov aytib o‘tgan.
Qayd etilishicha, tumanda 2021 yil may oyiga qadar aholi ehtiyoji uchun 18 ming 340 tonna, shu jumladan, 3065 tonna go‘sht, 511 tonna baliq, 3741 tonna kartoshka, 1439 tonna piyoz, 1871 tonna sabzi, 705 tonna guruch, 5562 tonna un, 655 tonna o‘simlik yog‘i, 791 tonna shakar hamda 15 million 541 ming dona tuxum zaxirasini yaratish zarur bo‘ladi.
Aholining iste’mol talabi eng yuqori bo‘lgan 10 turdagi mahsulotlarning 7 tasi go‘sht, tuxum, baliq, kartoshka, piyoz, sabzi, un to‘liq ichki imkoniyatlar hisobidan qoplanadi. Yetishmaydigan shakar (791 tonna), guruch (705 tonna) va yog‘ (655 tonna) viloyat va hududlar hisobidan import qilinishi evaziga qoplanadi.
Bugungi kunda 605 tonna piyoz (96 foiz) va 100 tonna kartoshka (7 foiz), 103 tonna guruch (40 foiz) qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasi yaratilgan.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jamg‘arish uchun bank kreditlariga bo‘lgan umumiy talab 477 million so‘mni tashkil etib, 2 ta sub’yektga 361 million so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan. Yana 3 ta sub’yektga kredit ajratish uchun zarur hujjatlar tayyorlanmoqda.
Tumanda zaxiraga jamlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun 2 ta 1230 tonna mahsulot saqlash quvvatiga ega muzlatkichli omborxona mavjud.
Sessiyada qayd etilishicha, har bir mahallada savdo do‘konlari va kichik ekobozorlarni tashkil qilish, bozorlar va savdo komplekslarida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va narx-navo barqarorligini saqlash choralari ko‘rilmoqda.