Ishtixonda 11 ta davlat-xususiy sherikligidagi bog‘cha ochildi

Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan jurnalist va blogerlar uchun Ishtixon tumanida o‘tkazilgan press-turda shu haqda ma’lumot  berildi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilda viloyat bo‘yicha 54 ta davlat-xususiy sheriklikdagi bog‘cha ochilgan bo‘lib, shuning 11 tasi Ishtixon tumanida tashkil etilgan.

Dastlab  jurnalistlar Xalqobod mahallasidagi "Dono Soliha" NMTTda bo‘lib, bu yerda bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

- Bog‘chamiz 150 o‘rinli bo‘lib, 3 milliard so‘mlik imtiyozli kredit asosida bunyod etildi, - deydi bog‘cha mudirasi Umida Bo‘tayeva. - Bugungi kunda 90 nafar bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shu bilan birga rus tili, ingliz tili va badiiy gimnastika to‘garaklarimiz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.         

Tadbirkor tomonidan ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida bolalarni olib kelish uchun avtobus ham tashkil etilgan. E’tiborlisi, yaratilgan barcha sharoitlar uchun ota-onalar 200 ming so‘m badal puli to‘laydi.