Ishtixonda singil yigiti bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan opasini pichoqlab o‘ldirdi

Samarqandda singil o‘z opasining qotili bo‘ldi. Uning sevgilisi va opasi o‘rtasidagi ishqiy munosabatdan xabardor bo‘lgani uchun ushbu jinoyatga qo‘l urgani aytilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

2019 yil 25 dekabr kuni soat 15:00 larda Ishtixon tumani Do‘stlik mahallasidan oqib o‘tuvchi “Saynoq” kanalidan A.Muhammadiyevaning murdasi qotillik alomatlari bilan topilgan.

Aniqlanishicha, 2019 yil 23 dekabr soat 21:30 larda Ishtixon tumani Do‘stlik mahallasida fuqaro B.Muhammadiyeva (2001 yilda tug‘ilgan, sudlanmagan, ishsiz) opasi A.Muhammadiyeva (1998 yilda tug‘ilgan, sudlanmagan, ishsiz) bilan spirtli ichimlik iste’mol qilgan.

So‘ng sevgiligi bilan opasi ham ishqiy munosabatda bo‘lib yurganligini bilgani sabab u bilan o‘zaro janjallashib, janjal davomida oshxona pichog‘i bilan opasi A.Muhammadiyevaning bo‘yin va qorin sohalariga bir necha marotaba urib, qasddan o‘ldirgan.

Jinoyatini yashirish maqsadida murdani “Saynoq” kanaliga oqizib yuborgan.

Ayni damda qotillikda gumon qilinuvchi ayol qo‘lga olingan va holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.