Islom imtihonlarsiz qanday talaba bo‘ldi?

“Garchi bu sohaning nimaligini yaxshi anglamagan bo‘lsam-da, tavsiyalar asosida menda diplomat bo‘lish istagi paydo bo‘ldi. Beshinchi sinfdaligimda akam kimyo fanidan viloyat olimpiadasida birinchi o‘rinni oldi. Shu voqeagacha ingliz tilidan tayyorlangan bo‘lib yurardim. Keyin oilamiz a’zolari tanlovi bo‘lgan tabiiy fanlar yo‘nalishiga menda ham qiziqish paydo bo‘ldi. Bunday deyishimning boisi rahmatli bobom kimyo fani o‘qituvchisi, ota-onam vrach, akam Samarqand davlat universitetining kimyo fakulteti talabasi.

Maqsadimni eshitgan bobom:  “O‘g‘lim, kelajakda kim bo‘lmoqchisan” deb so‘radi.

– Sizga o‘xshagan kimyo  muallimi bo‘lmoqchiman, - dedim.

– Buning uchun oldin kimyo fanini yaxshi o‘zlashtirish kerak, bu fan qiyin. Ikki darsdan so‘ng chidolmay, boshqa sohaga qiziqish paydo bo‘lib qolmaydimi, - dedi bobom.

Ustozlarim ko‘magida o‘qidim, o‘rgandim, uch yildan so‘ng sakkizinchi sinfligimda kimyo fani bo‘yicha bilimlar bellashuvida respublikada uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Albatta, biroz xafa bo‘ldim va o‘shanda men baribir respublikada birinchi o‘rinni olaman, deya oldimga katta maqsad qo‘ydim.”

Bu respublika olimpiadasi g‘olibi Islom Vohidovning muvaffaqiyat yo‘lidagi ilk qadamlari.

Samarqand veterinariya meditsinasi  instituti akademik  litseyi  3-bosqich  o‘quvchisi  Islom umumta’lim fanlari bo‘yicha o‘tkazilgan respublika olimpiadasida kimyo fani bo‘yicha ishtirok etib, g‘olib bo‘ldi.

Islom Vohidov 2000 yilda Payariq tumani Bolta qishog‘ida tug‘ilgan. Uning kimyo faniga qiziqishi oilasida shakllandi. Qolaversa, undagi iqtidorni vaqtida payqagan ustozlari ham u bilan alohida shug‘ullana boshladi. Bobosi – kimyo fani o‘qituvchisi Erkin Eshmatov Islom bilan qo‘shimcha mashg‘ulotlar olib bordi. Bobosi unga har doim bir narsani uqtirardi: “Sen kimyo fanidan respublika, xalqaro tanlovlarida birinchilikni qo‘lga kiritishing lozim”. Islom bobosining aytganlarini shunchaki gap, deb bilmadi: o‘qidi, o‘rgandi va maktabdaligida ham olimpiadada qatnashib, sovrinli o‘rinni egalladi. Payariqdagi 11-umumta’lim maktabidan yana bir kimyogar uchirma bo‘ldi. U litseyga o‘qishga kirgach, o‘z ustida yanada jiddiyroq shug‘ullana boshladi.

- Islom tirishqoq, izlanuvchan bola, qolaversa, favqulodda zehn sohibi, - deydi kimyo fani o‘qituvchisi Dilmurod Sodiqov. – Bunday deyishimga sabab, ayni paytda o‘zim unga ustozlik qilayotgan bo‘lsam-da, o‘tilgan mavzudan ikkimiz ham bir xil masalani ishlab boshlasak, u mendan oldin yechimini topadi.

– Ushbu nufuzli tanlovda g‘olib bo‘lib, yaqinlarim, ustozlarim  ishonchini oqlaganimdan baxtiyorman, – deydi Islom. – Ammo bugungi natija bilan to‘xtab qolmoqchi emasman, o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlab, bundan-da yuqori marralarga erishishni maqsad qildim. Avvalambor, bugungi muvafaqqiyatim uchun berilgan biror oliygohga kirish imtihonlarisiz talaba bo‘lish imtiyozidan foydalanib Toshkent davlat stomatologiya institutida o‘qimoqchiman.

Olim Sonniboyev.