Italiyalik virusolog koronavirus zaiflashayotganini ma’lum qildi

So‘nggi ilmiy tadqiqotlar koronavirus zaiflashayotganini ko‘rsatmoqda. Bu holat kuz faslida COVID-19 pandemiyasining ikkinchi to‘lqini kuzatilmasligiga umid bag‘ishlaydi. Bu haqda Milanning Vita-Salute San Raffaele universiteti yetakchi virusologi Massimo Klementi RIA Novosti bilan bo‘lgan suhbatda ma’lum qildi.

“Shifokorlarimiz may oyidan boshlab kasallikning o‘tkir ko‘rinishi zaiflashayotganini aniqlagan edi. Gap nafaqat kasallanganlar sonining qisqarganligi, balki intensiv terapiya bo‘limida davolash talab etiladigan o‘pka yetishmovchiligi ko‘zatilayotgan kasallarning ham soni qisqarayotganligi haqida bormoqda. Shu bilan birga, uyda davolansa ham bo‘ladigan kasallanganlarning soni ham oshib borayotir”, deya ta’kidladi professor.

Klementining so‘zlariga ko‘ra, klinik holatning bu qadar jiddiy o‘zgarishiga ilmiy baho berish zarur bo‘lgan.

- Biz kichik tadqiqot o‘tkazdik. Unga ko‘ra, biz 1 martdan 15 martgacha bo‘lgan muddatda kasalxonaga yotqizilgan yuz nafar bemor va may oyining ikkinchi yarmida kasallangan yuz nafar bemor ko‘rsatkichlarini taqqosladik. Buning natijasida epidemiyaning boshlang‘ich bosqichidagi virus bosimi may oyining oxiridagidan ko‘ra, o‘nlab marotaba yuqori bo‘lganligi aniqlandi. Ushbu natija juda katta ahamiyatga ega, - dedi mutaxassis.

Virusning kuchsizlanganligi to‘g‘risidagi xulosaga kelishda epidemiyaning turli bosqichlarini boshdan o‘tkazayotgan davlatlardan kelayotgan ma’lumotlar ham turtki bo‘lmoqda. Jumladan, Klementi virusni Xitoy, Yevropa, AQSh kabi davlatlardagi genomlarini tahlildan o‘tkazgan londonlik mutaxassislar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar to‘g‘risida so‘zlab berdi.

- Britaniyalik hamkasblarimiz virus mutatsiyasi sodir bo‘ladigan ma’lum bir genom hududlari mavjud ekanligini aniqlashdi. Gap gomoplaziya deb nomlanuvchi fenomen haqida bormoqda. Bu virus egiluvchan ekanligini va u turli mutatsiyalar yordamida inson organizmiga moslashayotganidan dalolat beradi, - dedi mutaxassis.

Klementi ushbu ma’lumotlarni “juda yaxshi yangilik”, deb atadi. Uning taxminiga ko‘ra, yaqin vaqt ichida yangi virus shu darajada zaiflashib qoladiki, buning natijasida boshqa turdagi koronaviruslar singari u odamda faqatgina, gripp singari oddiy respirator kasalliklarni keltirib chiqaradi.

U shuningdek, pandemiyaning ikkinchi to‘lqini ko‘zatilishi ehtimoli bo‘lmasligiga umid bildirdi.

“Agar virus biz kutganimizdek zaiflashishda davom etsa, unda shu yil qishda yuzaga kelgan vaziyat takrorlanmaydi”, deya ta’kidladi mutaxassis.