Ixtisoslashtirilgan maktabda muammo yo‘qmi?
Farzandi kelajagiga befarq bo‘lmagan ota-onalar bolasini sifatli ta’lim beradigan maktabda o‘qitishni istaydi. Ammo shu paytgacha qishloqlarda bunday imkoniyat kam edi. Respublika Prezidentining 2022 yil 14 apreldagi “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 2022-2023 o‘quv yilida deyarli barcha tumanlarda ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi.
Ushbu maktablarga o‘qituvchi va o‘quvchilar tanlov asosida saralab olindi. Biz Oqdaryo tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab faoliyati bilan tanishdik.
Maktab tumanning Zarafshon mahallasidagi 57-umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosida tashkil etilgan. Binosi kapital ta’mirlanib, ixtisoslashtirilgan maktabga moslashtirilgan.
- Maktabdan farqi fanlar amaliyot bilan birga integrallashtirilgan holda o‘tiladi, - deydi direktorning o‘quv ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Adhamxo‘ja Nozimov. - Har chorak yakunida o‘quvchilar fanlardan o‘tilgan mavzular bo‘yicha loyiha tayyorlaydi. Eng qizig‘i, hozir maktablarda o‘qituvchilar loyiha qilishga o‘rgatilayapti. Bizda esa o‘quvchilar loyiha qilish bilan shug‘ullanyapti. Maktabimiz aniq fanlarga yo‘naltirilgani bois, musiqa, jismoniy tarbiya va chizmachilik fanlari qisqargan, buning hisobiga matematika fani haftada yetti soat o‘qitiladi.
Ixtisoslashtirilgan maktabga 5-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan 456 nafar o‘quvchi aniq fanlar yo‘nalishiga qabul qilingan. O‘quvchilar tuman bo‘yicha saralab olingan bo‘lib, eng uzog‘i 25 kilometr masofadan, ya’ni Po‘latdarxon mahallasidan keladi. Ota-onalar farzandlarining qatnab o‘qishiga sharoit yaratib bergan.
Shuningdek, maktabda 5-sinf o‘quvchilari ingliz tilidan A-1 darajasini o‘rganadi, 6-sinfda A-1+ darajasini, 7-sinfda A-2, 8-sinfda A-2+, 9-sinfda V-1, 10-sinf V-1+, 11-sinfda V-2 darajani o‘rganib, IELTSda kamida 6,5 ball qo‘lga kiritadigan bilimga ega bo‘ladi. Ingliz tili darsliklaridagi dastur shunga moslashtirilgan. Ingliz tili va matematika fanlarida sinf o‘quvchilari ikkiga bo‘linib, ya’ni 12 nafardan o‘qitiladi. Har bir sinfda o‘quvchilar soni 24 nafardan, undan oshishi mumkin emas.
Oddiy maktablarda baholash tizimi Kundalik.com orqali amalga oshirilsa, ixtisoslashtirilgan maktablarda MZINFOCOM sayti orqali baholanadi.
O‘qituvchilar ikki hissa ustama oladi
Aniq fanlar yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan maktabning matematika fani o‘qituvchisi Sardor Berdiqulov joriy yilning 21 fevral kuni matematika bo‘yicha bo‘lib o‘tgan xalqaro tanlovda qatnashib, respublika miqyosida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan va GMAT (Graduate Management Admission Test) sertifikatiga sazovor bo‘lgan. Uch nafar rus tili, olti nafar ingliz tili o‘qituvchilari ham chet tilini bilish bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega.
- Ingliz tili o‘qituvchimiz Samad Qudratov kelasi oydan oshirilgan ish haqi hisobiga 13 million so‘m atrofida maosh oladi, - deydi ixtisoslashtirilgan maktab direktori Nusrat Sulaymonov. – Unga xalqaro sertifikati uchun 50 foiz, Agentlik tomonidan 75 foiz ustama to‘lanadi. Endi matematika fani o‘qituvchimizga ham maktab ustamasidan tashqari xalqaro sertifikati uchun 50 foizlik qo‘shimcha ustama beriladi. Shuningdek, xalqaro darajadagi sertifikatga ega boshqa ingliz va rus tili o‘qituvchilari ham ikki hissa ustama oladi. Qolgan ixtisoslashtirilgan fan o‘qituvchilari 60 foiz, noixtisoslashtirilgan fan o‘qituvchilariga 40 foiz qo‘shimcha ustama puli beriladi. Bugun yoshlarimiz chet elni orzu qilmasdan astoydil bilim olsa, o‘zimizda ham bemalol yaxshi yashashi uchun halol pul topa oladi. Buning isbotini o‘z hayotim misolida ko‘rdim.
Maktabda o‘quvchilar soat 14:00 gacha darslarda, so‘ngra 16:00 gacha turli to‘garaklarda ishtirok etadi.
- 2022 yilning noyabr oyida robototexnika bo‘yicha O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligida o‘tkazilgan xalqaro onlayn tanlovda to‘rt nafar o‘quvchimiz – Bahromjon Aripov, Jasur To‘raqulov, Sitora Kazakova, In’omjon Aripov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi, - deydi axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi Mohigul Majidova. – O‘zim ham avgust oyida robototexnika bo‘yicha Janubiy Koreyada malaka oshirib keldim. Darsdan so‘ng o‘quvchilarga to‘garak mashg‘ulotlari o‘taman.
Informatika xonasida bir o‘quvchi kompyuterda ishlayotgan ekan. Undan qanday mashg‘ulotni bajarayotganini so‘radik.
- Zavodda ishlab chiqarishdan chiqayotgan tutunga generator qo‘yib, uning issiqligiga yana energiya ishlab chiqish haqida bosh qotiryapman, – deydi 9-sinf o‘quvchisi Mansurxon Rustamov.
- Maktabimizga iqtidorli o‘quvchilar saralangan, - deydi Nusrat Sulaymonov. – Hukumatimiz joylarda mana shunday ixtisoslashtirilgan maktablar ochgani to‘g‘ri siyosat bo‘ldi. Yana o‘n yildan keyin bu o‘quvchilar mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishadi. Taraqqiyotga bilimsiz erisholmasligimizni bugun odamlar tushunib yetdi. Shuning uchun ham ota-onalar farzandining kelajagiga bee’tibor emas.
O‘quvchilar uchun 9200 so‘mlik tushlik
- Oshxonamizni Jamshid Holiqulov ismli tadbirkor yuritadi, - deydi ixtisoslashtirilgan maktab direktori. – Tushlikda o‘quvchilarga atigi 9200 so‘mga issiq ovqat, non, choy, salat beriladi. Ota-onalar oshxona uchun oylik to‘lovni amalga oshiradi. Shuningdek, 40 nafar kam ta’minlangan oila farzandlaridan tadbirkorimiz ovqat puli olmaydi.
Ayni paytda ixtisoslashtirilgan maktab hovlisidan 250 o‘rinli oshxona va mini stadion qurilyapti. Qurilish ishlari kelgusi o‘quv yiligacha tugallanishi rejalashtirilgan.
Maktabga darslik kitoblar kelmagan
Ixtisoslashtirilgan maktab haqiqatda havas qilsa arziydi. Keng, shinam, zamonaviy jihozlangan xonalar, bilimli o‘qituvchilar va bilimdon o‘quvchilar atrofida atirgullar ekilgan o‘quv dargohiga juda munosib. Ammo, ixtisoslashtirilgan maktabga hanuzgacha xalqaro ta’lim dasturlari asosida tayyorlangan zamonaviy darsliklar berilmagan. Faqat ingliz tili fanidan 5-sinfdan 11-sinfgacha darslik kitoblar mavjud. Qolgan fanlardan o‘qituvchilar elektron darsliklar asosida dars o‘tishyapti. O‘quv yili oxirlab qolgan bo‘lsa-da darsliklarning kelmaganini nima bilan izohlash mumkin? Noyabr oyida Kattaqo‘rg‘on shahar ixtisoslashtirilgan maktabida ham shu muammoga duch kelgandik. O‘quv yili boshida darsliklarni chiqarishga ulgurishmagandir, degan edik o‘shanda. Mana, oxirgi chorakda ham darsliklar ixtisoslashtirilgan maktablarga yetib kelmabdi.
Shuningdek, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan ixtisoslashtirilgan maktabga badiiy kitoblar ham berilmagan.
- Tumanimizdagi uchta kutubxonadan 450 ta kitobni vaqtinchalik olib kelganman, - dedi kutubxonachi Dilbar Xolmurodova. – Hozircha kitoblar yetadi.
***
- Ixtisoslashtirilgan maktabning yana bir yaxshi tomoni, tanish-bilish orqali bu yerga ishga kirib bo‘lmaydi, - deydi o‘quv ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari. – Har bir o‘qituvchi Prezident ta’lim muassasalari Agentligi tomonidan uch bosqichli saralash imtihonidan o‘tgach, ishga qabul qilinadi. Direktor to‘g‘ridan-to‘g‘ri istagan o‘qituvchini ishga ololmaydi.
Qaniydi, boshqa maktablarda ham mana shunday tartib joriy qilinsa, yomon illatlarimizdan biri bo‘lgan tanish-bilishchilikka barham berilardi.
Yana bir gap. Prezident ta’lim muassasalari agentligiga tegishli xodim “Ixtisoslashtirilgan maktablarni yozib nima qilasiz? Buning uchun kim-kimlardan ruxsat olish kerak”, degandi. Aslida, o‘zlarining muammolari ochilib qolmasligi uchun shunday degan ekan. Haliyam chuqurroq o‘rganilsa, ixtisoslashtirilgan maktablarda ham muammolar yetarlicha.
Xurshida ERNAZAROVA.